Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin Zelenskiyni o‘ldirmaslikka so‘z bergani haqidagi xabarga Kiyev munosabat bildirdi

Putin Zelenskiyni o‘ldirmaslikka so‘z bergani haqidagi xabarga Kiyev munosabat bildirdi

Putin va Zelenskiyning 2019 yilgi uchrashuvi.

Foto: Reuters

Isroil sobiq bosh vaziri Naftali Bennet YouTube platformasida e’lon qilingan 5 soatlik intervyuda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan 2022-yilda bo‘lib o‘tgan muzokara tafsilotlarini ochiqladi.

O‘tgan yilning 5-mart kuni Isroil bosh vaziri Moskvada prezident Putin bilan uchrashgan va 3 soat davomida suhbatlashgan. Bu Kreml xo‘jayinining Ukrainaga bosqinchilik urush boshlaganidan keyin ilk xorij davlat rahbari bilan uchrashuvi edi.

Bennetning hikoya qilishicha, u Putinga «(Ukraina prezidenti Vladimir) Zelenskiyni o‘ldirmoqchimisiz?» degan savol bilan yuzlangan. Putin Zelenskiyni o‘ldirmasligini aytgan. Isroil hukumati rahbari Putindan bu borada va’da berishini so‘ragan. Mezbon tasdiq mazmunida javob qaytargan.

Uchrashuvda Rossiya rahbari Ukrainani qurolsizlantirishni to‘xtatishga rozilik bergan, Zelenskiy esa bunga javoban mamlakatning NATO a’zo bo‘lishi rejasini ko‘rib chiqishi lozim edi.

2022-yil aprel oyida Rossiya harbiylari Ukrainaning Bucha shahrida tinch aholi vakillarini o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi hodisani vahshiylik deb atagan.

Naftali Bennetning so‘zlariga ko‘ra, aynan Buchadagi qirg‘indan keyin Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralar o‘z ma’nosini yo‘qotdi.

Putinning Zelenskiy hayotiga qasd qilmaslik haqidagi va’dasiga Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba munosabat bildirdi.

«O‘tmishda Putin Qrimni bosib olmaslik, Minsk kelishuvlarini buzmaslik, Ukrainaga hamla qilmaslikka so‘z bergan. Ammo bu ishlarning bariga qo‘l urdi. Laqma bo‘lmanglar: u ustasi farang yolg‘onchi. U har gal biror ishni qilmaslikka va’da bergan bo‘lsa, aslida uni amalga oshirishni ko‘zlagan», – deb yozdi Ukraina bosh diplomati Twitter sahifasida.

Ukraina Rossiyani prezident Zelenskiyni jismonan mahv etishga urinishlarda ayblab keladi. Xususan, 2022-yilning mart oyida Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Mixail Podolyak Zelenskiyga qarshi 10 dan ziyod suiqasdning oldi olingani haqida xabar bergan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring