Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ov quroliga beparvolik voyaga yetmagan bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi

Ov quroliga beparvolik voyaga yetmagan bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi

Illyustrativ foto

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudining sayyor ochiq sud majlisida amaliyotda juda kam uchraydigan jinoyat — O‘zbekiston Respublikasi JKning 249-moddasi, ya’ni ov qurolini beparvolik bilan saqlash natijasida odam o‘limiga olib kelgan «ish» ko‘rib chiqildi.

Ish holatlariga ko‘ra, sudlanuvchi Q.Jumayev 2010-yildan ovchilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. U o‘ziga tegishli «B» rusumli, 2 milli, 16 kalibrli ov qurolini belgilangan tartibda saqlash qoidalariga rioya qilmasdan yotoqxonasidagi divan ostida saqlab keladi.

2019-yil 11-yanvar kuni uning voyaga yetmagan o‘g‘li O.Bo‘stonov va qarindoshi (u ham voyaga yetmagan) Sh.Xidirov divan ostida turgan ov quroli va jangovar o‘qlarni olib, o‘yinchoq sifatida o‘ynash maqsadida bir-biriga tortgan vaqtida miltiq otilib ketadi. Natijada Sh.Xidirov voqea joyida vafot etgan.

Sud ish hujjatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, dalillarga baho berdi. Jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini inobatga olib, sudlanuvchiga nisbatan jinoyat qonunchiligida belgilangan tartibda jazo tayinlandi.

Aslida, sudlanuvchi Q. Jumayevning voqealarning bunday rivojini kutmaganligi, qilmishidan pushaymonligi bot-bot takrorlanayotgan bo‘lsa-da, endi marhumni hayotga qaytarishning imkonsizligi dilni xira qiladi.

Zafar Ibragimov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudi raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring