Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon TIV 20-yanvar fojiasi yuzasidan bayonot berdi

Ozarbayjon TIV 20-yanvar fojiasi yuzasidan bayonot berdi

1990-yil 20-yanvar zamonaviy Ozarbayjon tarixida fojiali, ayni choqda, sharafli sanadir. Bu haqda Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligi tomonidan 20 yanvar – Umumxalq motam kuni munosabati bilan berilgan bayonotda so‘z boradi.

“36 yil avval sovet armiyasi tomonidan tinch aholiga qarshi sodir etilgan shafqatsiz agressiya davomida Boku shahri hamda Ozarbayjonning boshqa hududlarida 150 nafar tinch aholi vakili o‘ldirildi, 744 kishi og‘ir jarohatlandi va 4 kishi dom-daraksiz yo‘qoldi. 20 yanvar fojiasi Ozarbayjon xalqining erkinlik, milliy qadr-qimmat va suverenitetga qonuniy intilishlarini yo‘qqa chiqarishga urinish edi. Ammo zo‘ravonlik harakati Ozarbayjon xalqining irodasini sindira olmadi. Aksincha, bu hodisa xalqimizning mustaqillikni tiklash, Armaniston tomonidan olib borilgan ommaviy ko‘chirish va ishg‘ol siyosatiga qarshi kurash, shuningdek, o‘z suveren huquqlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi qat’iyatini yanada mustahkamladi. 20 yanvar shahidlarining fidokorligi 1991-yilda Ozarbayjon Respublikasi mustaqilligining tiklanishida hal qiluvchi rol o‘ynadi”, – deyiladi bayonotda.  

Ma’lumki, Ozarbayjon 2020-yildagi 44 kunlik urush va 2023-yildagi aksilterror amaliyoti yakunida xalqaro huquqqa muvofiq o‘ziga tegishli bo‘lgan Qorabog‘ mintaqasini to‘liq qaytarib oldi va suverenitet hamda hududiy yaxlitligini tikladi.

Qayd etilishicha, 20 yanvar kuni xalq ko‘rsatgan jasorat va vatanparvarlik 2020 hamda 2023 yillardagi tarixiy kurashda ham muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, ayni paytda Ozarbayjon davlati mintaqada olib borayotgan tinchlik va barqarorlik siyosati, Qorabog‘ni tiklash chora-tadbirlari ham 20 yanvar kuni shahid bo‘lgan insonlarning orzulari ro‘yobi sanaladi.

Ozarbayjon TIV 20-yanvar qahramonlari va shahidlari nomini ehtirom bilan yodga olgan va bu kabi insoniyatga qarshi jinoyatlar takrorlanmasligi yo‘lida qat’iy sa’y-harakat ko‘rsatilishini ta’kidlagan.

Ma’luot o‘rnida: 1990-yil 20-yanvarga o‘tar kechasi Ozarbayjon poytaxtiga sovet armiyasi jangovar qismlari kiritiladi. Harbiylar agressiyaga qarshi namoyishga chiqqan minglab ozarbayjonliklarni shafqatsiz jazolaydi. Tinch namoyishchilar tank, pulemyot va avtomatlardan o‘qqa tutiladi. O‘sha mash’um tunda milliy-ozodlik harakatini bostirish maqsadini ko‘zlagan sovet armiyasi bo‘linmalari Boku, Sumgait, Lenkoran va Neftchala shaharlarida tinch aholi vakillari – bolalar, xotin-qizlar va qariyalarni qirg‘in qilgan.

Fojianing ertasi kuni mamlakat yetakchisi Haydar Aliyev Moskvadan aybdorlarni jazolashni talab qilgan va SSSR Kommunistik partiyasi safidan chiqqanini e’lon qilgan. Shu tariqa sho‘ro hokimiyatining qirg‘inni jahon hamjamiyatidan yashirishga urinishi yo‘qqa chiqqan.

Fojia qurbonlari  dafn etilgan maskanda keyinchalik Shahidlar xiyoboni bunyod etilgan. 2000-yilda Ozarbayjon prezidenti farmoni bilan halok bo‘lganlarga “20-yanvar shahidi” faxriy unvoni berilgan.

Hurriyat yo‘lida jonini fido qilgan qahramonlarga ehtirom ramzi sifatida 20-yanvar – Umumxalq motam kuni deb e’lon qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring