«O‘zavtosanoat» boshqaruvidagi 5 ta zavod ko‘chiriladi
Bugun bo‘lib o‘tgan brifingda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov 5 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti huzurida bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda kimyo sanoatidagi loyihalar taqdimoti haqida ham so‘z yuritdi.
«Ma’lumki, mashinasozlik korxonalari 2020 yili «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruviga berilib, modernizatsiya ishlari boshlangan edi. Taqdimotda, avvalo, shundan keyingi natijalar tahlil qilindi.
Davlat rahbari taqdimotda bajarilgan ishlar hali yetarli emasligini ta’kidlab, mavjud quvvatlardan oqilona foydalanish va mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Eng asosiy topshiriq — Chirchiq shahridagi zavod negizida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish bo‘yicha bo‘ldi, ya’ni hozirda 85 gektar maydonni egallagan va tarqoq joylashgan 5 ta zavod: Chirchiq va Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodlari, «Agregat zavodi», «Texnolog», «O‘zKlaas Agro» bir joyga ko‘chirilib, 17,5 gektar maydonda yo‘lga qo‘yiladi. Albatta, bu katta xarajat talab etadi. Lekin natijadorlik, rentabellik hisobidan o‘zini to‘liq oqlaydi.
Masalan, korxonalar yaxlit bir joyda ishlashi tufayli uskuna va jihozlar 40 foizga optimallashtiriladi. Kooperatsiya kengayib, ishlab chiqarish hajmi ham oshadi. Xususan, traktorlar savdosi hajmi 2019 yilda 1 ming 700 ta, 2020 yilda 2 ming 400 ta bo‘lgan bo‘lsa, klaster tizimida yiliga 5 ming 100 taga yetishi hisob-kitob qilingan.
Yana bir muhim jihati, mahalliylashtirish darajasi oshirilib, natijada ishlab chiqarish tannarxi 20 foizga tushadi. Bu prezident qo‘ygan eng asosiy vazifalardan biridir. Chunki, narx tushsa, dehqon va fermerlarning sotib olishi ham yengillashadi, eksport ham oshadi», — dedi prezident matbuot kotibi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter