Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda avtobenzin va jahondagi neft narxining o‘zaro aloqasi bormi?

O‘zbekistonda avtobenzin va jahondagi neft narxining o‘zaro aloqasi bormi?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2022-2023- yillarda jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi O‘zbekistonda avtobenzin narxiga qanday ta’sir ko‘rsatgani tahlil qilindi.

Tahlilda 2022-yilning yanvar oyidan 2023-yilning noyabr oyigacha bo‘lgan davrda Respublika tovar-xomashyo birjasida sotilgan avtobenzinning ulgurji narxlari, Toshkent shahridagi AYoQShlardagi chakana benzin narxlari hamda Jahon bankining neft narxlari bo‘yicha ma’lumotlaridan foydalanildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi bir oy o‘tganidan so‘ng Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin narxlarida o‘z aksini topmoqda.

Masalan, 2022-yil yanvar-iyun oylarida neft narxining 39,2 foizga oshishi birjada avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxining 22,4 foiz ko‘tarilishiga olib kelgan. 2022-yilniing iyul-dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2 foiz pasayishi ulgurji narxlarning o‘rtacha 21,3 foizga tushishiga sabab bo‘lgan.

2023-yilning yanvar-may oylarida jahon bozorida neft narxining barqarorlashishi hamda 2022-yilning 10-dekabridan AI-80 markali avtobenzin uchun aksiz solig‘i stavkasining nolga tushirilishi natijasida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxlari 4848-5060 so‘m oralig‘ida shakllandi.

Lekin 2023-yilning iyun-noyabr oylarida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi 5315 so‘mdan 5860 so‘mgacha (10,2 foiz) oshdi. Ushbu davrda jahon bozoridagi o‘rtacha neft narxi 11 foizga (73 AQSh dollaridan 81 AQSh dollarigacha) qimmatlashgan.

Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi, shu jumladan, talab yuqori bo‘lgan AI-80 va AI-92 markali benzinlarning ulgurji narxlari jahon bozoridagi neft narxiga bog‘liq ekanligi aniqlandi.

Xususan, jahon bozorida neft narxining 1 foizga ko‘tarilishi avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxlarining bir oy kechikish bilan 0,30 foizga oshishiga, shu jumladan, AI-80 benzinining 0,32 foizga, AI-92 benzinining 0,54 foizga qimmatlashishiga olib kelishi ma’lum bo‘ldi.

Toshkent shahrida avtobenzinning o‘rtacha chakana narxlari esa o‘rtacha ulgurji narxlariga sezuvchan bo‘lib, ular bir xil o‘zgarish dinamikasiga ega.

Xususan, Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin ulgurji narxlarining 1 foizga o‘sishi, Toshkent shahrida chakana narxlarning 0,29 foiz oshishiga olib kelmoqda.

Lekin, joriy yilning noyabr oyida jahon bozorida 1 barrel neft narxining o‘rta hisobda 81,35 AQSh dollarigacha (oktyabr oyidagiga nisbatan 8,7 foizga) pasayganiga qaramasdan, dekabr oyida Toshkent shahrida AI-80 avtobenzinining o‘rtacha chakana narxi (7611 so‘m) noyabr oyidagiga (7440 so‘m) nisbatan 2,3 foizga ko‘tarildi. Bu esa dekabr oyining o‘rtalarida sovuq havo oqimining kirib kelishi bilan metan gazi ta’minotidagi cheklanishlar natijasida AI-80 benziniga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi bilan izohlanishi mumkin.

Mamlakatimizda neft va avtobenzin mahsulotlariga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanishi sababli jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi ichki bozorda avtobenzin narxiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Demak, O‘zbekistonda avtobenzin narxi 1 oylik kechikish (lag) bilan jahon bozoridagi neft narxi bilan uyg‘un tarzda o‘zgarmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring