Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek va turkman xalqlarini moddiy manfaatlar birlashtirmaydi

O‘zbek va turkman xalqlarini moddiy manfaatlar birlashtirmaydi

Фото: «President.uz»

Kim qanday o‘ylasa, o‘ylayversin, xoh ishonsin, xoh ishonmasin, turkman xalqini o‘zbeklardan ortiq yaxshi biladigan, yaxshi ko‘radigan boshqa millatni ham, elatni ham bu dunyodan topish qiyin.

Yana aytadigan bo‘lsak, o‘zbek va turkman ildizi bir, tili, dini, urf-odatlari bir, ne-ne sinovlardan birga o‘tgan, kerak bo‘lganda, g‘animlarga qarshi birga kurashgan, bir daryodan suv ichib, non-tuzini baham ko‘rib kelgan xalq. Tarixi va taqdiri bir, quda-andachiligi ming yillardan oshadigan xalq. Shundanmi, yigitlari yonma-yon tursa, Hasan-Husanga o‘xshaydi, qizlari xuddi Fotima-Zuhradek bir biridan go‘zal, latofatli.

O‘ylab ko‘rsangiz, yana bir haqiqatni anglaysiz. O‘zbek va turkmanning nafaqat siymosi o‘xshash, urf-odatlari o‘xshash, eng muhimi ruhiyati, ma’naviyati o‘xshash. Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyni turkmanlar biz bilan bab-baravar qadrlaydi, uning dahosidan xuddi bizdek faxrlanishadi. Turkmanistonning dono shoiri, ardoqli shoiri Maxtumqulini o‘zbeklar o‘z shoiridek suyadi, she’rlarini qo‘shiq qilib kuylaydi.

Bunday o‘ylab ko‘rsak, o‘zbek va turkman xalqlari munosabatini «yaqin qo‘shni, ishonchli do‘st, yaqin hamkor» so‘zlari bilan ifodalab bo‘lmaydi. Bizning munosabatlarimiz darajasi faqat do‘stlik bilan belgilanmaydi. Bizni bog‘lab turgan asosiy vosita iqtisodiy hamkorlik yoki allaqanday boshqa manfaatlar ham emas.

Bizning munosabatlarimiz do‘stlik, hamkorlik, yaqin qo‘shnichilikdan ham yuqori turadi. Biz tomiri bir, qalbi mushtarak, ma’naviy, ruhan bir xalqmiz. Eng katta kuchimiz ruhan birligimizda. Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo‘lganida qon-qarindoshligimiz yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. To‘g‘risi, Prezidentimiz Turkmanistonda yuksak hurmat-e’tibor bilan kutib olinishiga ishonardik. Ammo bunday yuksak darajadagi samimiyat, mehr-muhabbatni ko‘­rib, quvonchimizni cheki bo‘lmadi. Avvalo, ikki Prezidentning bir-biriga samimiy munosabati, ochiq chehra bilan olib borgan muloqotlari, bildirgan ezgu tilaklari o‘zbek va turkman xalqlari yuragiga ko‘chdi, qalbini quvonchga to‘ldirdi.

Hozir dunyoning ko‘pgina siyosatchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning birinchi bo‘lib Turkmanistonga davlat tashrifi bilan borganiga e’tibor qaratmoqda. Bizning urf-odatlarni, o‘zbek va turkman xalqi asli kimligini bilganlar to‘g‘ri fikr yuritishi mumkin. Buni bilmaganlar har xil bashoratlar atrofida aylanishmoqda.

Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimida ham avvalo, yaqin qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadini bayon qilgan edi. Prezidentimizning Turkmanistonga davlat tashrifini xalqimiz yakdillik bilan qo‘llab-quvvatladi. Tashrif doirasidagi tadbirlarni katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Ayniqsa, ikki xalq san’atkorlarining birgalikdagi konsert dasturi xalqlarimiz qalbining izhoriga aylandi. O‘zbek san’atkorlar turkman qo‘shiqlarini, turkman san’atkorlar esa o‘zbek qo‘shiqlarini bir-biridan o‘tkazib kuyladi, raqqosalar qo‘l ushlashib, bir-birini bag‘riga bosib xirom aylashi dillarni dillarga bog‘ladi. Biz sahnada opa-singillarni, og‘a-inilarni ko‘rdik. Sog‘inchni, mehrni ko‘rdik.

Bizning qadim do‘stligimiz, birodarligimiz mustaqillik yillarida keng quloch yozdi, yangi sharoitda yangicha yo‘lga qo‘yildi. Bugungi har tomonlama hamkorlik, mustahkam ishonch, samimiy do‘stlik yo‘lga qo‘yilishida O‘zbekistonning zamirida Birinchi Prezidenti Islom Karimov xizmatlari buyukligini minnatdor bo‘lib yodga olamiz.

O‘zbekiston rahbari Islom Karimov bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov har bir masalada, har qanday sharoitda bir-birini qo‘llab keldi. Bu birlik ishonch va hamkorligimizni yil sayin yuqoriga olib chiqdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida qator sohalarda o‘zaro hamkorlikni yuksak darajaga ko‘tarish barobarida strategik sheriklik to‘g‘risida ham shartnoma imzolangani tarixiy voqealardan biri bo‘ldi. Bu shartnomalar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar oliy darajaga ko‘tarilayotganidan darak beradi, hamkorligimiz yangi yanada yuqori bosqichga ko‘tarilganligini kafolatlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifining eng hayajonli, tarixiy voqeasi Turkmanobod shahrida bo‘lib o‘tdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Ma’lumki, o‘tgan yil sentyabr oyida xalqimiz boshiga og‘ir musibat tushdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bilan vidolashuv uchun Gurbanguli Berdimuhamedov birinchilardan bo‘lib, Samarqandga kelgan edi. Vidolashuv marosimida u qanchalik iztirob bilan gapirib, xalqimizga hamdarlik bildirgani hamon ko‘z o‘ngimizda turibdi, haligacha odamlar uning chin ko‘ngildan qayg‘urib aytgan so‘zlarini xurmat bilan eslashadi.

To‘g‘risi, kishi qadrdon ustozi yoki tug‘ishgan og‘asi bilan vidolashayotganda ana shunday chuqur iztirob chekadi, qayg‘uga tushadi. U hamdardlik bildirayotganida bizga qarab «tug‘ishganlar» degan so‘zni ham yuragidan aytdi, kishini o‘yga toldiradigan, xulosa chiqaradigan qilib aytdi. O‘sha nutqida Gurbanguli Berdimuhamedov Turkmanistonda ham buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasini abadiylashtirish, ko‘chalarga uning nomini berish, haykalini o‘rnatish haqida gapirgan edi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifining ikkinchi kuni Turkmanobod shahridagi markaziy ko‘chaga Islom Karimov nomi berildi. Ushbu ko‘chada yodgorlik majmuasi barpo etildi, Birinchi Prezidentimiz byusti o‘rnatildi. Majmua devorida Islom Karimovning shunday so‘zlari bitilgan: «Biz qadrlashimiz va yuksaltirishimiz zarur bo‘lgan muhim boylik — bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchdir». Bu so‘zlar o‘zbek va turkman tillarida bitilgan. Bu so‘zlar har ikki xalq yuragiga muhrlangan.

Tantanali marosimda Prezi­dentimiz Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat arbobi, uzoqni ko‘ra oladigan dono siyosatchi, O‘zbekiston — Turmaniston do‘stligini abadiylashtirishda buyuk hissa qo‘shgan Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgani uchun Turkmaniston rahbariga, xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Islom Karimov nomi abadiylashtirilgani ayni chog‘da turkman og‘alardan o‘zbek xalqiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat-ehtirom ramzidir.

Bu amaliy ishlar, og‘a-iniga xos bo‘lgan ishlar turkman xalqining bizga qanchalik yaqinligini yana bir bor ko‘rsatdi. Xursandchiligimiz va minnatdorligimizning cheki yo‘q. Tarixiy uchrashuv bo‘ldi, buyuk voqealar bo‘ldi. Ikki xalq do‘stligi, og‘a-inichiligining tantanasi bo‘ldi, to‘yi bo‘ldi. Havas qilishga, ibrat olishga munosib bayram bo‘ldi.

Yana bir bor takrorlaging keladi, O‘zbekiston bilan Turkmanistonni moddiy boylik birlashtirmaydi, manfaat birlashtirmaydi. Bizni avvalo, ma’naviy-ruhiy yaqinlik birlashtiradi, tarix birlashtiradi, qon-qardoshlik birlashtiradi. Turkmaniston xorijiy mamlakatlar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirdi. Turkmanistonda Islom Karimovga haykal o‘rnatildi. O‘zbek xalqi qalbida esa turkman xalqiga haykal o‘rnatildi!

Safar Ostonov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

«O‘zbekiston ovozi» gazetasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring