O‘zbekiston 10 ta Airbus tibbiy vertolyotini sotib olishi mumkin
O‘zbekiston–Fransiya biznes forumida Airbus Helicopters kompaniyasi bilan 10 ta Airbus N145 rusumidagi tibbiy vertolyot xarid qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazilgan. Airbus N145 o‘rta uzoqlikdagi masofaga uchadigan ko‘pmaqsadli vertolyot bo‘lib, undan tibbiy operatsiyalar, yo‘lovchi tashish, qidiruv-qutqaruv jarayonlari uchun foydalaniladi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda Yevropa standartlariga mos tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish, bu sohaning moddiy-texnika bazasini yaratish hamda mutaxassislar tayyorlash, tog‘li va chekka hududlarda tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish istiqbollari ham muhokama etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda tog‘li va olis hududlar uchun tibbiy vertolyot faoliyati yo‘lga qo‘yilishini aytgandi. Prezident buning uchun kelgusi besh yilda budjetdan 2,1 trillion so‘m mablag‘ ajratilishini bildirgandi.
Oktyabr oyida Rossiyaga rasmiy tashrif bilan borgan O‘zbekiston rahbariga “Ansat” rusumli tibbiy vertolyot namoyish etilgan. Biroq tomonlar bu borada hech qanday shartnoma imzolamagan.
Bundan tashqari, forum doirasida Sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A.Azizov Fransiyaning “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi raisi Kristian Vijsen bilan muzokara olib borgan. Muzokara jarayonida o‘zbekistonlik farmatsevtika vakillarining “Boehringer Ingelheim” kompaniyasida ilmiy tadqiqot amaliyotlarini o‘tkazish, kompaniyada ishlab chiqariladigan dori vositalarini mahalliylashtirish imkoniyatlari to‘g‘risidagi masalalarni muhokama qildi.
Qayd etish lozimki, “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi jahonning ilg‘or biofarmatsevtika kompaniyalaridan biri bo‘lib, kompaniyada respirator, yurak-qon tomir va onkologik xastaliklar, parkinson kasalligi, OIV, tromboemboliyalar, serebrovasksulyar kasallik, qandli diabet va gepatit kabi kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan innovatsion dori vositalarini shartnoma asosida ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter