Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytaradi – OAV

O‘zbekiston Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytaradi – OAV

Afg‘oniston Islom Amirligi hukumati yaqin kunlarda 2021-yilda G‘arb qo‘llab-quvvatlagan hukumat ag‘darilishi paytida mamlakatdan chiqarib ketilgan bir necha o‘nlab vertolyotlarni Toshkentdan qaytarib olishi mumkin. Bu haqda Afghanistan International manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq Afg‘oniston armiyasiga tegishli 57 ta vertolyot ortga qaytariladi. 2021-yil avgust oyida respublika hukumati ag‘darilgandan so‘ng, afg‘on harbiy uchuvchilari bir qator vertolyot va samolyotlarni O‘zbekiston hamda Tojikistonga olib o‘tgan edi.

Pentagon avvalroq ma’lum qilganidek, jami 46 ta havo kemasi O‘zbekistonga, yana 18 tasi Tojikistonga qo‘ngan. Ular orasida Mi-17 va UH-60 vertolyotlari, shuningdek PC-12, C-208, AC-208 va A-29 turdagi samolyotlar ham bo‘lgan.

Tolibon hukumati bir necha bor ushbu texnikani qaytarishni talab qilgan, ammo Toshkent va Dushanbe rasmiylari bu talablar yuzasidan ochiq izoh bermagan.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi avvalroq ma’lum qilishicha, mamlakatga qo‘ngan 46 ta uchuvchi apparat yangi kelishuv asosida O‘zbekiston nazoratida qoladi. Shu bilan birga, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha elchixonasi Tojikistonga samolyotlarni Tolibonga topshirmagani uchun minnatdorlik bildirgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning fevralida «Amerika ovozi» nashri 7 ta vertolyotning O‘zbekistondan AQShga o‘tkazilganiga oid xabar tarqatgan va «Tolibon» hukumatining Mudofaa vazirligi buni qoralagan edi. 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring