Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Benzin narxi bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rni ma’lum qilindi

Benzin narxi bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rni ma’lum qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Benzin narxi Hongkongda eng qimmat va Eronda eng arzon ekani ma’lum bo‘ldi. Global Petrol Prices tadqiqotlariga qaraganda, 2024 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra Hongkongda AI-95 rusumli benzin 3,101 dollar, Eronda esa 0,029 dollarga baholangan.

O‘zbekistonda mazkur markadagi yonilg‘i 1,118 dollardan (13838,9 so‘m) sotilmoqda. Bu jihatdan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda oxirgi natijani qayd etgan. AI-95 benzini Turkmaniston (0,428 dollar), Qozog‘iston (0,534 dollar) va Qirg‘izistonda (0,801 dollar) sezilarli darajada arzonroq narxda. Hisobotda Tojikistondagi vaziyat aks etmagan. Og‘ir iqtisodiy sharoitda ekani aytilayotgan yon qo‘shnimiz Afg‘onistonda ham narx bizdan arzonroq: 1,059 dollar.

Ozarbayjon (0,588 dollar), Rossiya (0,617), Belarus (0,713) kabi MDH davlatlarida ham yonilg‘i bahosi cho‘ntakbop darajada.

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov O‘zbekistonda benzin AQShdan ham qimmat ekaniga e’tibor qaratgan. Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘shma Shtatlarda AI-95 narxi o‘rtacha 0,911 dollar.

«Qoida tariqasida boy davlatlarda benzin qimmat, kambag‘allarida esa arzonroq. Lekin bunday korrelyasiya boy davlatlar orasida AQSh, kambag‘al davlatlar ichida O‘zbekiston misolida ishlamaydi», – deb yozadi O.Bakirov.

Tahlilchi bu borada «ochofat monopoliya», «o‘g‘ri oligarxiya» va «shimoldagi og‘a» omillarini sanab o‘tgan.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan hafta xaridorgir sanalgan AI-80 benzini qimmatlashi ortidan «O‘zbekneftgaz» AJ rasmiy izoh bergan edi.

2023 yil oxirida esa Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi O‘zbekistonda avtobenzin narxiga qanday ta’sir ko‘rsatganini tahlil qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring