Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston bormi? Eng zo‘r va bepul tibbiy xizmat qayerda?

O‘zbekiston bormi? Eng zo‘r va bepul tibbiy xizmat qayerda?

Oilaviy poliklinikadagi navbat

Foto: «Nuz.uz»

Tibbiy xizmat haqida qancha yozilsa, shuncha kam. Balki, O‘zbekistonda ham tibbiyot sohasida qandaydir yutuqlarga erishilayotgandir, ammo tibbiy xizmat sifatli va iloji boricha bepul bo‘lmas ekan, dunyo tibbiyotida yuqori o‘rinlarda bo‘lishimiz dargumon. Keling, avvalo qaysi davlatlarda sifatli va bepul tibbiy xizmat borligi haqida gaplashaylik. Quyidagi reytingda davolanish uchun eng zo‘r sharoitga ega mamlakatlar keltirilgan.

10. Hongkong

Reytingni pastdan boshlasak. Dunyoga mashhur Hongkongda tibbiy xizmatga alohida e’tibor berishadi. Ushbu shahar-davlat ahli uzoq umr ko‘radi, shuningdek, chaqaloqlar o‘limi juda kam qayd etiladi. Shundan bilsa bo‘ladiki, u yerda sog‘liqni saqlash tizimi yaxshi rivojlangan. Davlat va xususiy klinikalarda ham sifatli xizmat ko‘rsatishadi.

9. Singapur

Bu yerda ham tibbiyot darajasi dunyo bo‘yicha yuqori baholanadi. Singapurda tibbiy xizmat juda yaxshi moliyalashtirilgani bilan alohida ajralib turadi. Ham davlat, ham xususiy klinikalarda aholi sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyatiga ega.

8. Yaponiya

Yuqori texnologiyalar mamlakati Yaponiya ham tibbiyotda yetakchilardan hisoblanadi. Yaponlar davlat tomonidan universal tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanadilar. Bundan tashqari, ishchi-xodimlar ish beruvchi tomonidan qo‘shimcha sug‘urta oladilar, agar bu xizmat yo‘q bo‘lsa, ular hukumat subsidiyasiga suyanadilar. Shuning uchun ularni turli tibbiy «yig‘im-terimlar»dan ozod qiladilar.

7. Isroil

Ushbu davlat azaldan tibbiyot sohasida ilg‘orlardan sanalib kelgan. U yerga dunyoning turli burchaklaridan bemorlar tashrif buyurishadi va davolanib ketishadi. Isroil o‘z fuqarolari uchun tibbiy xizmatga alohida huquq joriy etgan bo‘lib, aholi 100 foiz tibbiy sug‘urta bilan ta’minlanishi shart.Sog‘liqni saqlash tizimi Isroilda birlamchi masalaga aylanganini shundan ham bilsa bo‘ladi.

6. Ispaniya

Oliy darajadagi tibbiyot va sog‘liqni saqlash davlat tizimi bu davlatda ham zo‘r yo‘lga qo‘yilgan. Eng avvalo kadrlar masalasiga qattiq e’tibor qaratiladi: shifokorlar bilimli, hamshiralar yaxshi o‘qigan. Bularga eng zo‘r tibbiy jihozlarni qo‘shsangiz, davolanish uchun qo‘rqmay boradigan davlatlar qatoriga kiritish mumkin. Ispanlarning o‘zlari esa, dori-darmonning qanchadir foiziga haq to‘lashadi, qolganini davlat moliyalashtiradi.

5. Italiya

Kuchli beshlikni ushbu qadimiy davlat ochib beradi. Apennin yarimorolida ham tibbiyotga hukumat darajasida katta e’tibor beriladi. Uzoq umr ko‘rish statistikasi reytingda 2-o‘rinni olgan davlatniki bilan bir xil. Italiyaliklar o‘rtacha 82 yil umr ko‘rishadi. Demak, sog‘liqni saqlash tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda istalgan klinikada (xoh xususiy, xoh davlatniki bo‘lsin) istalgan jarrohlik amaliyoti uchun bemorlardan bir chaqa ham olinmaydi. Tez tibbiy yordam xizmati esa barcha fuqarolar uchun mutlaqo bepul, hatto muhojirlar uchun ham.

4. Avstraliya

«Yashil qit’a»da yashash shunchaki qulay bo‘libgina qolmay (iqlim tomonidan-da sharoit yaxshi), tibbiyot ham ancha taraqqiy etgan. Avstraliyada sog‘liqni saqlash universal maqomga ega bo‘lib, fuqarolarning 75 foiz tibbiy chiqimlari federal hukumat, qolgan 25 foizi esa xususiy tibbiy sug‘urta tomonidan qoplanadi. Qayd etish kerak, hukumat tishni davolash, optometriya (ko‘z kasalliklari) va tez tibbiy xizmat uchun pul to‘lamaydi, lekin aholi mazkur xizmatlar uchun subsidiya olish huquqiga ega.

3. Janubiy Koreya

Uchinchi o‘rinda ushbu davlatni ko‘rishni siz ham kutmagan bo‘lsangiz kerak. Koreya tibbiyot tizimi nafaqat dunyoga mashhur, hatto eng zo‘rlaridan biri. Mahalliy hukumat gardanida turgan eng og‘ir muammolardan biri — mahalliy aholi o‘rtasida turli kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi ekologiyadir. «Tonggi musaffolik» mamlakatida fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish xarajatlari to‘liq davlat tomonidan ta’minlanadi.

2. Shveysariya

Kichik, lekin boy bu davlat o‘z fuqarolari sog‘lig‘i uchun yaxshi g‘amxo‘rlik qiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu yerda odamlarning uzoq umr ko‘rish statistikasi maqtovga loyiq: erkaklar 80,5, ayollar 85 yosh. Albatta, ushbu ko‘rsatkichlarning kelib chiqishiga aholi turmush tarzining yaxshiligi sabab. Tibbiy xizmatlar davlat tomonidan to‘liq moliyalashtirilmasa-da, baribir, aksariyat qismi qoplanadi. Qolganini odamlarning o‘zlari tibbiy shaxsiy sug‘urta orqali to‘laydilar. Har bir shveysariyalikda o‘zining sug‘urta polisi bo‘lishi shart.

1. Shvetsiya

Faxriy reytingimizning eng yuqori pog‘onasidan bejizga Shvetsiya o‘rin olmadi. Mazkur davlat nafaqat iqlimi va iqtisodiyoti, balki fuqarolariga yuqori sifatli, qulay va bepul tibbiy xizmatlari bilan ham maqtana oladi. Sog‘liqni saqlash tizimi hukumat tomonidan moliyalashtiriladi va tibbiy xarajatlar 97 foiz qoplanadi. Qolgan 3 foizni odamlarning o‘zlari to‘lashsa kifoya. Shuning uchun ham tibbiyot ancha rivojlangan bo‘lib, eng zamonaviy jihozlar, o‘ta malakali shifokorlar mazkur sohani to‘ldiradi. Faqat tishni davolashni hukumat o‘z bo‘yniga olmaydi – aholi subsidiyadan foydalanadi. Darvoqe, stomatologlar 19 yoshgacha bo‘lganlarni mutlaqo bepul davolashadi.

O‘zbekistonni 11-o‘ringa hozircha qo‘ymay turamiz. Nega, deysizmi? Chunki yuqoridagi ko‘p omillar hali biz uchun «begona». Lekin yaqin kelajakda shu o‘ntalikka kirishimizga umid qilib qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring