Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston delegatsiyasi Yevrosiyo ayollar forumi majlisida ishtirok etdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Yevrosiyo ayollar forumi majlisida ishtirok etdi

Foto: «Senat.uz»

2021-yil 13-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi Yevrosiyo ayollar forumining «Tinchlik va ishonch diplomatiyasini rivojlantirishda ayollar missiyasi» deb nomlangan yalpi majlisida ishtirok etdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Majlisda  Ozarbayjon, Bangladesh, Vetnam, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gabon, Mozambik, Mo‘g‘uliston, Moldova, Nikaragua, Tojikiston, Turkmaniston, Zimbabve va Eron kabi 110 ta mamlakatning 350 ga yaqin delegati, ijro etuvchi hokimiyat vakillari, xalqaro va nodavlat tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, ishbilarmon doiralar, jamoat va akademik tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yevrosiyo ayollar forumining yalpi majlisini Rossiya Federatsiyasi Kengashi Raisi V.Matviyenko ochib berdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva so‘zga chiqdi.  O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi rahbari ishtirokchilarni Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarning asosiy natijalari, siyosiy tashabbuslar, shuningdek, mamlakatda xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari haqida xabardor qildi.

O‘zbekistonda gender siyosatini amalga oshirish va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomoni xotin-qizlar huquqlari va gender tenglikni xalqaro hamjamiyatda targ‘ib qilish bo‘yicha tajriba almashishga va boshqa davlatlarning bu boradagi ilg‘or amaliyotini o‘rganishga tayyorligi bildirildi.

Yalpi majlis ishtirokchilari 2022-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Jahon mamlakatlari parlamentlari ayol spikerlarining navbatdagi 14-sammitiga taklif etildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan boshqa davlatlar delegatsiyalari rahbarlari pandemiya oqibatlarini bartaraf etish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni targ‘ib qilish, barqaror rivojlanishga erishish bo‘yicha o‘z mamlakatlari tajribasi bilan, shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bilan o‘rtoqlashdi.

Majlis yakunlari bo‘yicha gender tenglikni mustahkamlashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring