Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Hukumati Fiji davlatiga o‘z elchisini jo‘natdi

O‘zbekiston Hukumati Fiji davlatiga o‘z elchisini jo‘natdi

O‘zbekistonning Fijidagi elchisi (qarorgohi Tokio shahrida joylashgan) etib tayinlangan Muhsinxo‘ja Abdurahmonov ushbu mamlakat Prezidenti Ratu Naykama Tavakekolati Lalabalavuga ishonch yorliqlarini topshirdi.

«Dunyo» AA xabariga ko‘ra, shu munosabat bilan tantanali marosim tashkil qilingan va Elchi sharafiga O‘zbekiston davlat madhiyasi yangrab, mamlakat bayrog‘i ko‘tarilgan.

Rasmiy tadbirlardan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat davomida prezident Naykama Lalabalavu ikki mamlakat geografik jihatdan uzoqda joylashgan bo‘lsada, ularni o‘zaro hurmat, konstruktiv muloqot va umumiy qadriyatlarga asoslangan do‘stona aloqalar bog‘lab turishini ta’kidladi.

Fiji yetakchisi, shuningdek, O‘zbekiston muhim strategik mintaqada joylashgani, boy tabiiy resurslari hamda yuqori salohiyatli inson kapitali mavjudligini e’tirof etish barobarida, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mintaqada tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan konstruktiv va proaktiv tashqi siyosatni yuksak baholadi.

Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar tarixida ilk marotaba O‘zbekistonning Fijidagi elchisining tayinlanishi Fiji tomoni uchun ham muhim tarixiy voqeaga aylangani qayd etildi. Shu munosabat bilan Fiji bilan ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga e’tibor qaratgani uchun O‘zbekiston Prezidentiga alohida minnatdorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida Fiji Prezidenti O‘zbekiston Prezidentiga chuqur hurmat va samimiy salomlarini yo‘lladi hamda o‘zbek xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

O‘zbekiston va Fiji o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2010-yil 16-iyun kuni o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Muxsinxo‘ja Abdurahmonov 2021-yil 27-sentyabr kuni Yaponiya Imperatori Naruxitoga O‘zbekiston elchisi sifatidagi ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring