O‘zbekiston ikki qo‘shnisi bilan Qambarota GES-1 qurilishida Jahon bankidan yordam so‘radi

Dubayda bo‘lib o‘tgan Qambarota GES-1 loyihasi bo‘yicha ikkinchi vazirlar davra suhbatida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston vakillari Jahon bankidan mintaqadagi eng yirik energetika loyihasini tayyorlashda texnik va ekspert yordamini so‘radi.
Ekonomist.kg nashrining yozishicha, ishtirokchi davlatlar Jahon bankidan texnik-iqtisodiy asoslarni yangilash, ekologik va ijtimoiy baholashni o‘tkazish va barqaror moliyaviy modelni ishlab chiqishda yordam berishni so‘ragan.
Muhokamalarda uch mamlakat energetika vazirlari va Jahon banki rahbariyati ishtirok etdi. Bank vakili Tatyana Proskuryakova mintaqadagi hamkorlik darajasini e’tirof etdi va loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar loyihaga siyosiy sodiqligini tasdiqladilar va uni tayyorlash bo‘yicha keyingi qadamlar haqida kelishib oldilar. Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirishni boshlash 2025-yilga mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Norin daryosidagi 1860 MVt quvvatga ega Qambarota GES-1 Markaziy Osiyoning energetik xavfsizligini mustahkamlashga qodir strategik obyekt sifatida ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter