O‘zbekiston imidji: «Onangni otangga bepardoz ko‘rsat...»
Tilimizga «imidj» so‘zi imi-jimida kirib keldi. Uning tilimizda muqobili, tarjimasi anchagina: yoqimlilik, joziba, jozibalilik, jozibadorlik, dilbarlik, ko‘rkamlik, istarasi issiqlik, qiyofa, kelbat, siymo, turq, ro‘y, aft kabi. Xofizlarni, raqqosalarni pardozlovchini ham «imidjmeyker» deyishardi. Har holda bu so‘z tilimizga o‘rnashdi. Endi hatto mamlakat jozibasi – «O‘zbekiston imidji» haqidagi iboralar hujjatlarga, dasturlarga kira boshladi.
Tashqi ishlar vazirligimiz «Xalqaro arenada O‘zbekiston Respublikasining ijobiy imidjini mustahkamlash Konsepsiyasi»ni ishlab chiqibdi. Ortidan Iqtisodiyot vazirligi mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga xalaqit beradigan muammolar o‘rganilayotganini bildiribdi.
Britaniyada chiqadigan dunyoning eng nufuzli jurnallaridan biri bo‘lmish Economist muxbiri, Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillisga ko‘ra: «Prezident Mirziyoyev juda ko‘p narsalarni o‘zgartirdi. U ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinlik berdi. Biz jamiyatda hali ham ayrim cheklovlar saqlanib qolayotganini ko‘rsak-da, Prezident Mirziyoyev O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan muammolarni ochiq muhokama qilishga yo‘l ochib berdi... Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin tashqi siyosat sohasida ham hamma narsani o‘zgartirdi. U qo‘shnilar bilan muloqot yo‘llarini izlash va munosabatlarni yaxshilashga ham faol kirishdi... Men Mirziyoyev O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi imidjini yaxshilab sarmoyalarni jalb qilishni xohlaydi, degan fikrdaman. Shuning uchun ham u O‘zbekistonning xalqaro imidjini yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rayapti. Buning ortidan qaysidir sohalarda yaxshilanish yuz berayapti».
«Imidj» deganda xayolimga ko‘p narsalar keladi. Nafaqat mamlakat, hatto bir inson o‘laroq ham, odamning ham hammaga yaxshi ko‘ringisi keladi, albatta. Masalan, uy qursak, odamlarning ko‘ziga ko‘rinadigan ko‘cha tarafini yaltiratib suvoq qilamiz, marmar toshlar yoptiramiz, chiroyli ranglarga bo‘yaymiz, lekin ichkari tomoni loysuvoqligicha qolaveradi. Ayollar uyida sochidan qatiq xidi ufurgan holda g‘ijim kiyimda yuraveradi, ammo ko‘chaga chiqsa, sochlarini soatlab gajak qiladi, yuzlariga bo‘yoq beradi, ya’ni xuddi biz rahbar o‘tib qoladigan yo‘llarning chetidagi uylarni va tomlarni bo‘yaganimiz kabi «imidji»ni qiladi.
Buxoroning avvalgi davrdagi hokimi to aeroportdan shahar markazigacha uylarning hammasini mehmonlarning ko‘zi tushadigan ko‘cha tomondan ikki qavatli, plastik derazali qildirgandi, ichkariga kirsangiz labi uchgan qora o‘choqlarni, nuragan o‘ylarni ko‘rardingiz. Toshkentdagi Samarqand darvozadan Oqtepaga chiroyli ikki tomonlama yo‘l o‘tkazildi, lekin yo‘lning ikki chetidagi pastqam, eski uylarning hammasi «imidj»ni saqlovchi chiroyli rasmlar tushirilgan bannerlar bilan yopib tashlangan, yashovchilar rasmning teshigidan kirib-chiqib yuradi.
Ota yurt Urgutdan Toshkentga yozda yo kuzda qaytayotib, Bulung‘ur, Jomboydan o‘tayotganda yo‘lning ikki tomonida ipdan to‘qilgan, ichidagi mahsulot ko‘rinib turadigan qoplarga solingan kartoshka, piyoz sabzilarga ko‘z tushadi. Bolalarim qishloq joylarda arzon bo‘ladi degani uchun bir gal Jomboydan chiqaverishdagi shunday yo‘lbozordan bir qop piyoz, bir qop kartoshka oldim. Hamma yog‘i ochiq to‘rxaltada, shundoq ko‘rinib turibdi – sarxil, bir xil kattalikdagi silliq kartoshka, sabzi. Uyga olib kelib ochsam – ichiga mayda, yong‘oqdaylarini, chiqindilarini solgan ekan. To‘r qopga qay tarzda bunday terish mumkin deb qiziqsam, chambarakni qop o‘rtasiga qo‘yarkan, chetiga kattasini terarkan, o‘rtasiga tashlandig‘ini solarkan va sekin chambarakni yuqoriga ko‘tarib borarkan, ya’ni kartoshkaning tashqi «imidji»ni yaxshilarkan.
Bozorga borsang, peshtaxtaga chiroyli qilib mahsulotining sarasini terib qo‘yadi. «Torting qani», —desang, pastdan mayda-chuydasini solib, ustiga uch-to‘rtta katta, sarxilini solib, uzatadi.
«Imidjmeyker» xalq bo‘lib qoldik.
Boshliq dalani ko‘rgani keladigan bo‘lsa, magazinning paxtasini olib kelib ko‘sakka tiqib qo‘yuvchilar, yetilgan karamni ko‘chat qilib ekuvchilar, rahbar o‘tadigan yo‘lning ikki chetida polietilendan ichida ekini yo‘q «issiqxonalar» yasab qo‘yuvchilar, chet ellik mehmon keladigan xiyobondagi archalarga ohak va yashil bo‘yoq aralashtirib rang purkovchilar, suvi bor, yashasa bo‘ladigan yerlar qolib, katta trassaning bo‘yiga o‘tgan-qaytgan rahbarning ko‘zi tushsin deb chala-chulpa, yerning nami ko‘pligidan yarmigacha sho‘rlagan, bir jiddiy shamolda tomi uchib, bir jiddiy qahratonda devori ko‘chgan «namunali uylar» quruvchilar...
Axir bularning bari mustahkam emas-ku, bir martalik, vaqtinchalik-ku. Men boshqa Bulung‘ur yo‘lida to‘xtab, sabzavot olmayman. Sotuvchi xaltasi tagiga chirigan mevani solib, ustiga «imidj» uchun yaxshisini terganini bilgan xaridor boshqa o‘sha rastani ko‘rsa, chetlab o‘tadi. Tashviqotga uchib kelgan xaridor, o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan keyin boshqa bu mahsulotdan olmaydi. Bunaqangi yasama «joziba»ning asosi yo‘q.
Ustoz Shukrulloning ziyoratlariga borsam, oynai jahonga qarab o‘tirgan ekanlar. «Nega televizor tinimsiz sportchilarni ko‘tar-ko‘tar qilyapti?!» – dedilar. «Ustoz, sport mamlakat va millatni dunyoga eng tez tanitadigan vosita, ular orqali O‘zbekiston nomi dunyoga tanilar ekan, imidji yuksalar emish», — dedim. «Ha, yaxshi, — deb bir xo‘rsindilar-da, — xalqimiz avvallari aqli, ilmi, adabiyoti bilan dunyoga tanilgan edi», — dedilar va jim bo‘lib qoldilar. Keyin xulosa qildilar: «Sport tanni chiniqtiradi, muskulni chayir qiladi, lekin qalb-chi?! Ma’naviyat-chi?! Aql-chi?! Bunga ham e’tibor kerak! Devday bo‘lsa-yu, miyasi ishlamasa, nima bo‘ladi!»
Bugun «O‘zbekiston imidjini yaxshilash» ustida ko‘plar bosh qotirmoqda. Yozuvchilar va jurnalistlar kitoblar, maqolalar yozmoqda, olimlar tahlil qilyapti, hatto bu mavzuda dissertatsiyalar ustida ishlayotganlar bor.
Afsuski, Shavkat Mirziyoyev «qo‘rquv davri» atagan chorak asr mobaynida tashqarida O‘zbekistonning avtoritar va totalitar tuzum sifatidagi qiyofasi qattiq o‘rnashdi. Shavkat Mirziyoyevning boshlagan islohotlari, so‘z erkinligi va ochiqlik siyosati, yurtga kirish-chiqish masalasidagi yengilliklar, valyuta islohoti, yurtning investititsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan harakatlar natijasida O‘zbekiston imidji bir qadar yaxshilandi. Lekin hali islohotlarning ortga qaytmasligiga, barcha sohalarni, jumladan ma’muriy-siyosiy sohani ham o‘z ichiga olishiga to‘la ishonch qaror topganicha yo‘q.
O‘zbekiston imidjining asosi avvalo dunyo ko‘z o‘ngidagi xalqimiz, millatimiz martabasi, ya’ni o‘zbek timsolidir.
O‘ZBEKISTONNING JOZIBADORLIGI VA O‘ZBEKNING TIMSOLI
Inglizlar juda qiyin o‘zgaruvchi an’anaviy xalq, demokratiya kelsa ham qirollikni saqlab qolgan, shuning uchun uning konservativligi mashhur. Nemislar va’da qilingan yerga vaqtida keladi, bir daqiqa oldin ham, bir daqiqa keyin ham kelmaydi, nemisning ana shu punktualigi sifatlanadi. Faranglarning ko‘tarinkiligi, xayolparastligi, romantikligi, hammani moyil qila olishi afsonaga aylangan, shunaqalarni hatto bizda «ustasi farang» deyishadi. Yaponlarning kashshofligi, texnologiyalar yaratish salohiyati e’tirof etiladi. Chinliklar har narsadan bir narsa yasay oladigan, ustomon xalq sifatida dunyoga tanilgan. Hindlarning jonivorlarga nisbatan shafiqligi, o‘z hayotiga toqatliligi o‘ziga xosdir. Yahudiylarni hamma omilkor, puxta-pishiq deb biladi. Albatta, bu hislatlar ham hamma ellarda u yo bu darajada mavjud. Ammo millatning bo‘rtib turadigan o‘ziga xosligi ham mavjud.
Xo‘sh, o‘zbek qanday xalq o‘zi?!
Bizda o‘zbek millatining serfarzandligi, mehmondo‘stligi ko‘p aytiladi, lekin dunyo fikratiga hali bu hislat bilan o‘rnashganimizcha yo‘q. Mehnatkashligimiz, xokisorligimiz, kattalarga itoatkorligimiz, sitamlarga toqatliligimiz ham bor.
IMIDJIMIZNI NIMALAR YuKSALTIRADI?
Dunyo ko‘z o‘ngidagi va fikratidagi o‘zbek va O‘zbekiston qiyofasi, bir tomondan, yurtimizga kelib-ketuvchi sayyohlar, shu yerda faoliyat yurituvchi xorijlik elchilar, biz bilan biznes qiluvchi tadbirkorlar orqali shakllansa, ikkinchi tomondan, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati va boshqa davlatlar bilan aloqalarda o‘zini tutishi hamda chet ellarga chiqqan va faoliyat yuritayotgan o‘zbeklar va o‘zbekistonliklarning o‘zini tutishi, xulq-atvori, aqli va ilmi orqali shakllanadi.
Bir narsani aniq bilishimiz lozimki, o‘sha O‘zbekistonga kelgan va faoliyat yuritayotgan xorijliklar bizning ustini yaltiratib, «imidji»ni kelishtirib qo‘yganimizgagina qaramaydi, hammasi go‘zal bu yurtda, deb turgan televideniyemiz va gazetalarimizgagina qarab xulosa qilmaydi. Ular avra-astarini ag‘darib ko‘radi.
Shu yerda Rumiyni eslashimiz kerak: «Bo‘lganing kabi ko‘rin va ko‘ringaning kabi bo‘l!»
Sayyohlarni aytdik. Ana shu sayyohlar uchun qurilgan salobatli mehmonxonalarda munosabatlar, xodimlarning mehmonga, mijozga muomalasi ham salobatli bo‘lishiga erishish kerak. Aeroportdan tortib to shu mehmon oyog‘i tekkan har yerda adolatli, insoniy munosabat bo‘lsa, u xalqimiz va yurtimizni e’zozlab boshlaydi. Uning begonaligini sezib narxini uch barobar ko‘targan litsenziyasiz «kirakash»larimiz, muzeylar, qadimiy obidalar atrofida o‘ralashib, «yomon ko‘zdan himoya qiladigan» deb toshcha sotadigan munchoqfurushlar, «ishni o‘nglaydigan» — plasmassadan yasalgan «bo‘ri tishlari» tiqishtiruvchilar, o‘zimizga birga pullaydigan narsasini chet ellikka o‘n beshga pullayotgan bozorchilar orqali shakllanadi sayyohning biz haqimizdagi tasavvuri. Agar sayyoh pulini tushirib qo‘ysa, topib olib qaytarsa bir o‘zbek, o‘sha sayyoh: «Voh, bu yurtda birovning haqidan hayiqadigan, mo‘minlar yashar ekan!» – deb ketadi. Biz tushirib qoldirgani tugul, cho‘ntagidagini ham bir yo‘lini qilib shilishga urinsak-chi?!
Mamlakat ichidagi shohdan gadogacha, katta-yu kichik hamma o‘zbeklik, o‘zbekistonlik sha’ni va nomusini o‘ylab harakat qilsagina, o‘zini tarbiyali, nomusli, vijdonli, odobli, ma’rifatli va madaniyatli inson sifatida namoyon etsagina millat va yurt imidji ijobiy bo‘ladi.
Xorijga chiqqan har bir o‘zbekistonlik o‘sha yurtda o‘zbek ekanligini va o‘zbekistonlik ekanligini har lahza yodida tutsa, birovlar bilan muomalada ham, oldi-berdida ham, biznesda ham mamlakatimiz, millatimiz va dinimiz sha’nini munosib tutsa, adolatli, halol va vijdonan o‘zini ko‘rsatsa, shunda o‘sha chet elda O‘zbekiston va o‘zbek imidji yaxshilanadi.
Davlat o‘z xalqining insoniy huquq va erkinliklarini himoya qilsa, sudlar adolatli bo‘lsa, huquqni himoya qilish idoralarining o‘zidan xalqni himoya qilishga to‘g‘ri kelmasa, mehnatkash xalqning mulkiy huquqlari muhofaza qilinsa, xalqning arzu dodiga quloq solinsa, siyosiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar ta’minlansa, o‘shanda O‘zbekistonning dunyodagi imidji yuksaladi.
Laganbardorlikka, madhiyabozlikka to‘la gazeta va jurnallar, olqishlardan iborat televideniye va radio – O‘zbekistonning imidjini ko‘tarmaydi. Yetmish yillik madhiyabozlik SSSRning dunyodagi obro‘sini oshirmadi, chorak asrlik O‘zbekistondagi matbuotning maddohligi davlat obro‘sini ko‘tarmadi, aksincha barcha reytinglarda eng oxirida yurdik. Zero, maqtovga liq to‘la ommaviy axborot vositalari davlatning qudratini emas, riyokorligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistondagi kamchilik va muammolarning oshkor etilishi uning xalqaro obro‘siga putur yetkazadi, deb o‘ylaydigan kaltafahmlar ham hanuz topiladi. Aksincha, bugun O‘zbekistonning dunyoda imidji ozroq yaxshilangan bo‘lsa, bu so‘z erkinligi paydo bo‘lganligi, matbuotda tanqid ham joy topib, muammolar muhokama etila boshlangani uchundir. Hokimiyat xalq qabulxonalari ochib, odamlarning muammolarini hech bo‘lmasa tinglay boshlagani uchundir. O‘zbekistonni – ochiq davlat, o‘zbeklarni muammolarni oshkor ayta boshlagan xalq deb bilganlari uchundir. Yana amaldorning og‘ziga termulib mute bo‘lib o‘tirsak, madhiyabozlik, yaltoqilik qilsak, dunyo bir «xunasa» deb biladi, xolos.
Yuzlab ko‘zlarning ostida, jamoat nazorati kuzatuvida ishlaydigan davlat mas’uliyatli bo‘ladi. Xolis haqiqatlar yashirilsa, hali yo‘q yutuqlar yanada oshirib-toshirilsa, nuqsonlar berkitilsa, rahbarlarda «ishlar zo‘r ketayotgani», fuqarolar «rahbarlardan rozi» ekani haqida xom-xayollar paydo bo‘ladi. Korrupsiya urchib ketadi. Hokimiyat va xalq o‘rtasida bo‘shliq paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston xaqida kamchiliklar yozilsa, internetgacha yetib borsa, bu «mamlakatning obro‘sini to‘kadi», «imidjini pasaytiradi», degan qarash noto‘g‘ridir. Deylik, Angliya matbuoti bosh vazirini va amaldorlarini tinmay tanqid qiladi, Buyuk Britaniyaning imidji bu bilan tushgani yo‘q. Yoki Amerika matbuoti AQSh prezidenti Donald Tramp siyosatining u yoki bu qirralarini tinimsiz tanqid ostiga oladi, ammo bu Amerikaning obro‘sini tushirmaydi, aksincha adolatli, farovon va halol tuzum sifatida tasavvurimizni kuchaytiradi.
Darhaqiqat, tanqid borligi uchun adolat qilinishiga majbur va adolat borligi uchun farovonlik barqarordir, chunki haqiqat aytilgan yerda amaldorlarning o‘g‘riligi oson emas, o‘g‘rilik qilinmaydigan tuzumda esa farovonlik bordir. Bu bugun demokratik dunyoda qaror topgan sinoatni hatto o‘z davrining bosh vaziri Alisher Navoiy ham bilar edi: «Shahikim, adl unda bunyod bo‘lur, eli shod, yurti obod bo‘lur», — deb yozgandi. Haqiqat, halollik, adolat obodlik va farovonlikning asosi ekanini ta’kidlagan edi Navoiy Hazratimiz.
Bugun har odamning qo‘lida global tarmoqqa ulangan telefon bor va har bir inson onlayn tarzda ko‘rganini yozishi va suratga olishi hamda dunyo bilan bo‘lishishi mumkin. Hozir bu jarayonlarga aloqa provayderlar orqali ekani uchun biroz to‘siq o‘rnatsak, yurt ichida tanqidga yo‘l berilmasa, ular xorij matbuotiga yetadi va o‘sha haqiqatlarni xorijiy kanallar va tarmoqlar gapiraveradi. Shu kunlarda samoga ko‘plab sun’iy yo‘ldoshlar olib chiqilmoqda, ertaga ular butun yer yuziga tekin internetni ulaydi. Insonlar pul ham to‘lamasdan, tekin va to‘siqsiz internetga ega bo‘ladi, demakki, endi blok qilishning ham imkoni qolmaydi. Shuning uchun haqiqatga ko‘nikish kerak, uni tinglashga tayyor turish lozim.
IMIDJNI NIMALAR PASAYTIRADI?
Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik fikrini shakllantirishi, unga ta’sir ko‘rsatishi va bir qadar boshqarishi mumkin. Media hatto siyosatchilar va davlat imidjiga ham ta’sir ko‘rsata oladi. Lekin medianing ta’sirini asosiy va yagona omil deb tushunish, matbuotning yurt imidjiga ta’sirini haddan ziyod yuksak deb bilish noo‘rindir.
Dunyoning O‘zbekiston haqidagi tasavvuri faqat gazeta va jurnallarni o‘qib, internetni ko‘rib shakllanmaydi. Ayniqsa hammasini bo‘yab-bejab, pardozlab yozadigan va ko‘rsatadigan maddoh matbuotimizni chet el tugul, hatto o‘zimizning o‘quvchi ham o‘qiyotgani yoki ko‘ryotgani yo‘q. Hamma birozgina haqiqiatlar yozilayotgan intennetni o‘qish va ko‘rish uchun telefoniga termulgan.
Chet elliklar matbuotdan tashqari qilayotgan ishlarimizga, siyosatimizga, iqtisodimizga, o‘zboshimcha hokimlarimizga, sudlarda chiqarayotgan hukmlarimizga qaraydi, qop-qop gapirayotgan gaplarimizga emas, bu gaplarga amal qilish-qilmasligimizga nazar soladi.
Tanqid qilgan jurnalist mamlakat imidjini tushirmaydi, aksincha, «yangi islohotlar», «mulk huquqi kafolatlangani», «adolatli jamiyat» haqida yozib turgan maddoh; yerni undan olib bunga sotayotganda lop etib pora bilan qo‘lga tushadigan hokimlar; ikki og‘iz tanqid qilgan blogerni ikki soatda sudlab, jazo tayinlaganlar; jurnalistlarni «itning bolasi», butun bir tuman ahlini «haromi»lar degan mansabdorlar tushiradi.
Obro‘yimizni dunyoga «so‘z erkinligi bizda kafolatlagan», «ommaviy axborot vositalari masalasida orqaga qaytish bo‘lmaydi», — deb jar solayotganimizda ikki og‘iz so‘zni telegramga yozgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan saytdan xabar ko‘chirib bosgan muharrirlarni kechasi uyidan olib chiqib ketib, bolali ayol jurnalistlarni tungi uchgacha prokuraturada «profilaktik suhbat» qilish uchun olib so‘roq qilganlar imidjimizni tushiradi.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi, muhtaram Alisher A’zamxo‘jayevning intervyusini o‘qing: diplomatlarimiz turkiyalik sarmoyador, katta tadbirkorlarni elchixonaga yig‘ib: «O‘zbekistonda yangi islohotlar boryapti», «mulkingiz va sarmoyangiz himoyalanadi», «mamlakatda qonun ustuvorligi o‘rnatildi», — deb imidjimizga ko‘tarib turgan bir paytda, Turkiyaga kelgan O‘zbekistondagi tuman, shahar hokimlaridan biri: «Ha, biz hamma sharoitlarni sarmoyadorlarga yaratamiz, keling, viloyat xaritasini oldingizga qo‘yamiz, barmog‘ingizni o‘zingizga yoqqan joyga qo‘ysangiz – o‘sha joyni sizga olib beramiz», — debdi. Turk biznesmenlari hayron: «O‘sha yerning egasi-chi?! Mulkdori-chi?! Mulkning himoyasi-chi?! Bugun uning yerini bizga tortib olib bergan hokim, ertaga bizning biznesimizni tortib olmasligiga kafolat bormi?!».
Bir tomonda «fermerda yerning egasi tuyg‘usini shakllantirish», «mulk huquqini kuchaytirish» haqida so‘zlab, bugun fermerga 50 yilga berilgan yerni bir yil o‘tmay «optimallashtirish» deb tortib olayotgan va boshqa fermerga berayotgan va yana ikki yildan keyin shu yerni «restrukturizatsiya» bahona olib qo‘yib, yana boshqasiga (albatta, beg‘araz, tekinga emas) qayta pullayotganlar, xabarlar tasmasiga qaraganda kunda va kunora yer berish tufayli pora bilan qo‘lga tushayotganlar imidjimizni tushiradi. Bu haqda yozayotgan jurnalistlar emas.
Bizdagi matbuot bo‘g‘ilsa, buni chetdagi matbuot yozaveradi.
Imidjimizni ko‘tarish uchun buyuk tariximiz va ajdodlarimizni o‘rganishimiz va targ‘ib qilishimiz lozim. Shu bilan birga, o‘zimiz ham shu boblarga munosib bo‘lishimiz kerak. Haq uchun dorga tortilgan Mashrabimiz, yurt uchun jon fido etgan sarbadorlarimiz, erk uchun kurashgan Qodiriy va Cho‘lponimiz bor. Bugun esa ozroq tanqid yozgan «yangi jadid»larimizni ko‘zini qo‘rqitsak, imidj bo‘ladimi?!
DARHAQIQAT...
Mamlakatimizda kechayotgan, Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlar O‘zbekistonning jozibadorligini bir qadar oshirdi. «Fitch» va «S&P» xalqaro reyting agentliklari 2018 yil dekabrida yurtimiz tarixida ilk bor mustaqil kredit reytingini havola qildi. Jahon banki bizni dunyoda tadbirkorlikka madad berish bo‘yicha ulkan islohotlar o‘tkazayotgan 20 davlat qatoriga kiritdi. Britaniyaning «Economist Intelligence Unit» (EIU) tadqiqot tashkiloti Demokratiya indeksida yuqorilaganimizni ko‘rsatdi. 2019 yilda 15 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga kirish uchun muzokaralar boshlandi.
Shu bilan birga, anglashimiz kerakki, xorijiy sarmoyadorlarga va dunyoga taqdim etayotgan obrazimiz mavjud siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy realligimizga monand bo‘ladi. Sarmoyador faqat reytinlarga va televizorga qarab qaror qabul qilmaydi.
Sarmoyador qarasa, nimani ko‘radi? Bozor iqtisodida raqobat, iqtisodda davlat ishtiroki kam bo‘lgan joyda yuzaga keladi. Biz imidj uchun yuzaki o‘zgarishlar qilib, hatto strategik bo‘lmagan o‘rinlarda ham davlat monopoliyasini saqlab o‘tiraversak, davlatning itqtisoddagi ulushi yuqoriligicha qolsa va har lahza hokimiyat va hokim tomonidan mulkning tortib olinishi xavfi saqlansa, katta biznes monopol holatidan voz kechmasa, kichik va o‘rta biznes «yashirin iqtisod» zonasidan chiqmaydi va bu yerga sarmoyador kelmaydi.
DARVOQE...
Jurnalistlar imidjni yuksaltirish uchun faqat mavjud holatni birozgina bo‘yashi yoki ko‘tarinkiroq usulda yozishi mumkin. Asosiy narsa real voqeligimizdir. Agar islohotlarimiz izchil bo‘lsa, ishlarimiz halol va odil bo‘lsa, korrupsiyaga qarshi kurashda chinakamiga yutuqlarimiz bo‘lsa, bularni ko‘rsatish orqali imidjimizni ko‘tarishimiz mumkin. Lekin qilayotgan ishlarimiz maqtagulik bo‘lmasa, jurnalistlar bu imidjni ko‘tarib berolmaydi. Borini biroz oshirishi mumkin jurnalistlar, lekin amaldor pora olib tursa, monopolist mashinasini qimmat qilib tursa, chimkentlik samolyotiga Turkiyaga yarim narxda uchib tursa-yu, o‘zbek poytaxtidan xuddi shu xil samolyotda ikki barobar qimmatga uchsa, jurnalist bunaqangi ahvolda imidjni ko‘tarib berolmaydi.
Islom Karimov davrida aytilgan bir latifa bizga malol kelardi, lekin unda muayyan haqiqat bor edi. Islom Karimov maqtanib: «Mashina zavod qurdik – har bir uyda bittadan mashina bo‘ladi», —desa, Nursulton Nazarboyev: «Bizda har bir qozoqning uyida bittadan o‘zbek mardikor bor» – degan ekan. Bir yarim million o‘zbek qozoqlarda, uch-to‘rt million o‘zbek Rossiyada mardikorlik qiladi... Imidj haqida o‘ylaganda dunyo ko‘rib turgan bu omillarni ham o‘ylash lozim.
Dunyoga «farovon va adolatli» «qonun va so‘z erkinligi ustuvor» bo‘lib ko‘rinish boshqa, aslida shunday bo‘lish boshqadir, mehnattalab, zahmattalab, butun millat yaxlit ishlashi kerak bo‘lgan yumushdir.
O‘zbekistonning jozibasi har bir insonda o‘ziga xos shakllanadi, masalan, sayohatchi mamlakatdagi xavfsizlikka, mehmonxona va taomxonalardagi xizmat sifatiga, aeroport va bojxonachilarning muomalasiga, ko‘chalardagi va jamoat joylaridagi tahoratxonalarning ahvoliga, tarixiy yodgorliklarimizning qanday saqlanganligiga qaraydi. Chet ellik ilm ahli arxivlarimiz va kutubxonalarimizning holatiga, axborot olish imkonlariga e’tibor beradi. Bizga kelmoqchi bo‘lgan sarmoyador biznesning shaffofligiga, mulkning himoyalanganligiga, korrupsiyaning jilovlangan-jilovlanmaganligiga, qonunning ustuvorligiga, sudlarning xolis hukm chiqara olishiga nazar soladi.
Har bir o‘zbekistonlik – O‘zbekiston imidjining o‘ta muhim komponentidir, chunki imidj – xoh u oddiy mehnatkash insonimiz, xoh amaldorimiz, xoh hukmbardor sudyamiz bo‘lsin – insonlar orqali shakllanadi. Agar hamma o‘z joyida qilayotgan harakati yoki harakatsizligi yurt va millat imidjiga aloqadorligini his qilsa, O‘zbekistonning imidji yaxshilanadi. Aks holda imidjimiz bo‘lmaydi yoki salbiy bo‘ladi.
Imidjsiz mamlakat dunyo hamjamiyatining safiga kira olmaydi, xorijiy sarmoyalarni jalb etolmaydi. Dunyo bizga shunga qarab muomala qiladi. Mana, o‘zimiz ham biror ashyomiz buzilsa: «Xitoyda qilingan-da» deymiz, yangi osiyo avtomashinasidan ko‘ra eski «Mersedes» olgan yaxshiligiga aminmiz, chunki xitoyning arzon va sifatsiz narsa yasovchi imidji bo‘lsa, nemislarning istalgan texnikani mustahkam va pishiq qilishi ham ongimizga singigan. Ijobiy imidj iqtisodiy samara ham keltiradi, demak.
Bizga yasama imidj emas, ob’yektiv joziba kerak.
Imidj yaratiladi, yasalmaydi.
Dunyo so‘zga emas, amalga va ishga qaraydi.
Bu haqiqatni anglab olishimiz muhimdir.
Karim Bahriyev,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter