Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Milliy gerbariysida bir asrdan ortiq yashayotgan o‘simliklar bor

O‘zbekiston Milliy gerbariysida bir asrdan ortiq yashayotgan o‘simliklar bor

Maktabda botanika fani o‘qituvchimiz gerbariyni qanday yig‘ish kerakligini o‘rgatgandi. Qiziq jarayon edi. Garchi biz gerbariy nima uchun kerakligini bilmasakda ushbu fanning eng yoqimli jarayoni bo‘lib xotiramizda muhrlanib qolgan.

Biz unda bilmasdik, nimjongina, uzganingizdayoq so‘lishni boshlaydigan o‘simlik, hatto bir asr yashashi mumkinligini, ilm fanga, tabiatga, dunyo florasiga cheksiz manba bo‘lishini. O‘zbekiston milliy gerbariysi – 1,5 milliondan ortiq o‘simlik namunalari saqlanadigan, Markaziy Osiyodagi ikkinchi (Pekin (RE) dan keyin) eng yirik gerbariy.

 – Bu yerda 1840-yildan buyon O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning barcha hududlaridan, shuningdek dunyoning ayrim boshqa mintaqalaridan to‘plangan o‘simliklarning quritilgan turlari mavjud, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Botanika instituti, O‘zbekiston florasi laboratoriyasi mudiri Dilmurod Mahmudjonov. – Gerbariy maxsus usullar bilan yig‘ib, quritilgan o‘simlik kolleksiyasi. Ulardan nafaqat ilmiy maqsadlarda, balki «Qizil kitob»ga kiritilgan yo‘qolish arafasida turgan, kamyoblashgan turlarni nazorat qilishda ham foydalanamiz. Shu o‘rinda fikrimni Kew kolleksiyalari rahbari doktor Alan Patonning so‘zlari bilan to‘ldirib ketmoqchiman: «Dunyo kolleksiyalari biologik xilma-xillikni hujjatlashtirish uchun noyob manbadir, chunki ular qayerda va qachon sodir bo‘lganligi haqidagi dalillarni beradi».

O‘zbekiston milliy gerbariysi muzeyida 1830-1835-yildan boshlab to‘plangan gerbariy orasida o‘n mingga yaqin o‘simlik turi saqlanadi. Shuning 4 yarim mingdan ziyodi o‘zimizda o‘sadigan o‘simliklardir.

Hududimizdan terilgan dastlabki namunalar 1900-1905-yillarga to‘g‘ri keladi. So‘ngi yillarda O‘rta Osiyoda olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda jami 161 oila, 1288 turkum 9341 ta turlar tarqalgan.

– Biror o‘simlikni o‘rganish uning DNKsini o‘rganishdan boshlanadi, – deydi suhbatdoshimiz. –  O‘simliklarning avlod-ajdodi, yashagan joyi, unib o‘sgan tuprog‘i, populyasiyasi haqida mana shu gerbariylar orqali o‘rganiladi.

Xalqaro o‘simliklar nomlari indeksidagi raqamlar butun dunyoga ishlaydi. Masalan Yaponiyaning gerbariy muzeyiga borib shu raqam orqali istagan o‘simlik bilan tanishib chiqishingiz mumkin. Bizda qanday nomlansa ularda ham xuddi shunday nomlanadi, kelib chiqishidan tortib turigacha. Ya’ni aytaylik lolaning biror turi, Xitoyda ham xuddi shu raqam bilan saqlanadi.

 

Biz terilgan gulmi, o‘simliknimi  gazeta orasiga solinsa yetarli – o‘zi qurisa kerak deb o‘ylaymiz.  Ammo quritish uchun qo‘yilgan o‘simlik toki qog‘oz orasida dog‘ qoldirmaguncha gazeta va qog‘oz almashtirilaverishini shu yerga kelib bildik. Ularni bostirib taxlash uchun esa maxsus katakchali taxtalar kerak bo‘ladi.

Keyin har bir o‘simlikka  terilgan vaqti, nomi yoziladi. So‘ng keyingi bosqichga o‘tiladi. Ya’ni gerbariy -18 gradusli muzxonada saqlanadi. Sababi ular orasida birorta hasharot qolmasligi kerak.

Agar birorta hasharot o‘tib ketsa, gerbariylarning boshqalariga ham kasallik tushirishi, nobud qilishi, noyob turlarni yo‘qotish mumkin. Ana endi sovuqqa chidamli hasharotlarni esa ximiyaviy yo‘l bilan yo‘qotish maqsadida uchinchi bosqichga o‘tiladi. Bu ishlardan keyingina ular maxsus qog‘ozga tikilib alohida-alohida fondlarga joylashtiriladi.

Masalan Umumiy bo‘lim, O‘rta Osiyo bo‘limi, Tip bo‘limi, Almashinish bo‘limi. Markaziy Osiyo gerbariysi bo‘limi asosan, 125 oila 1151 turkumga mansub, 9 mingga yaqin o‘simlikni o‘z ichiga oladi. Mazkur bo‘limda buyuk botanik olimlarimizning nomlari bilan bog‘liq bo‘lgan turlar mavjud. Bular orasida Markaziy Osiyoning turli hududlaridan bir yarim asrdan ortiq davr mobaynida, ya’ni 1840 yildan boshlab ko‘plab tadqiqotchilar, jumladan, bir qator chet el olimlari tomonidan yig‘ilgan gerbariylar mavjud. Ulardagi yorliqlar nemis, rus, pokiston, fransuz hatto xitoy tillarida yozilgan. 

Umumiy bo‘limda  yuz ming nusxadan ziyod gerbariylar institut xodimlari chet davlatlardan yig‘ib kelgan 2300 ga yaqin turkumga mansub turlar saralangan. Tiplar bo‘limida yangidan kashf etilgan turlarning ilk 2000 nusxasi O‘rta Osiyo va Qozog‘istondan yig‘ilgan. 320 turkumga o‘simliklar – 1 ming 500 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Noaniq turni aniqlash uchun tiplarga murojaat qilinadi. Almashtiriladigan gerbariylar 1 ming 400 turdan iborat.

  

Bugungi kunda har bir sohada raqamlashtirish yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek ushbu institutda ham. Masalan Markaziy Osiyo va Xitoy gerbariylarining yagona elektron tarmog‘ini tashkil etish uchun Xitoy ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda yangi loyihaga qo‘l urildi.

Ushbu muzeyda kolleksiyaning elektron bazasi o‘simlik turlarining georafik tarqalishini tahlil qilish uchun muhim manba bo‘lmoqda. TASH gerbariy namunalarini raqamlashtirish HerbSsan TM +Epson Expression 10000 XL yordamida skanerlash orqali amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunga qadar O‘rta Osiyo bo‘limi va Tip bo‘limi (to‘liq) (3684 ta namuna) gerbariy kolleksiyalaridagi 50000 dan ortiq namunalar skanerdan o‘tkazilgan.

O‘rta Osiyo jumladan qo‘shni respublikalar florasini o‘rganishga qaratilgan halqaro loyihalarda ham TASH ma’lumotlar bazasi asosiy o‘rin tutadi. Mazkur xalqaro tadqiqotlar natijasida qator ilmiy ishlar nashr qilinmoqda. Institut O‘zbekiston florasi laboratoriyasining 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan «Janubiy-g‘arbiy Hisor, Hisor-Darvoz va Panj Oldi okruglari florasining polimorf o‘simliklar oilalarini taksonomik reviziyasi» mavzusidagi davlat dasturi doirasida Surxondaryo viloyatida to‘r tizimli xaritalash ishlari olib borilmoqda.

Bu laboratoriyada yana bir xayrli ish – ingliz tilida «O‘zbekiston florasi» jurnali chop etilayotganidir.

                                                                                                      Barno Sultonova

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring