O‘zbekiston ShHT forumida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
Vazir Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi delegatsiyasi 8–9 iyul kunlari Xitoyning Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTning «Yashil» rivojlanish forumida ishtirok etdi.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Xalq siyosiy maslahat kengashining Butunxitoy kengashi raisining o‘rinbosari, Shandun viloyati gubernatori, Sindao meri, Eron vitse-prezidenti, Myanma Bosh vaziri va Ozarbayjon parlamenti spikeri o‘rinbosari, ShHTga a’zo davlatlar, jumladan, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Qatar, Nepal, Shri-Lanka, Misr, Kambodja, Maldiv orollari, BAA ekologiya va atrof-muhit vazirlari hamda kuzatuvchilari, shuningdek, diplomatlar va olimlar, yetakchi xalqaro institut va tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Aziz Abduhakimov forumda so‘zlagan nutqida ShHTga a’zo mamlakatlarni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ShHT Davlat rahbarlari kengashida taklif etilgan yashil rivojlanish sohasida umumiy maqsad va vazifalarga erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga hamda ekologik barqarorlik va yashil o‘sish sohasida chuqur tadqiqotlar olib borishga yo‘naltirilgan Toshkentda ShHTning innovatsion iqlim yechimlari markazini tashkil qilishda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi asosiy ekologik muammolar va ularni hal etishda ShHT davlatlari tomonidan qilinayotgan ishlarga bag‘ishlangan yuqori darajadagi panel sessiyasida ishtirok etdi. Ishtirokchilarga Forum boshlanishidan oldin vazirlik delegatsiyasining cho‘llanish, tuproqni sho‘rsizlantirish va zararsizlantirishga qarshi kurashish, shuningdek, qum bo‘ronlarining oldini olish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish maqsadida amalga oshirilgan tashrifi haqida ma’lumot berildi.
Sessiyada Aziz Abduhakimov Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyati tajribasini keng targ‘ib etish va O‘zbekistonda ShHTga a’zo davlatlarning cho‘llanishga qarshi yagona markazini tashkil etish taklifini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter