Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston Singapur bilan hamkorlikda dori vositalari ishlab chiqaradi

O‘zbekiston Singapur bilan hamkorlikda dori vositalari ishlab chiqaradi

Foto: SSV matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, O‘zbekistonda immunobiologik preparatlar va onkologik kasalliklarni davolovchi dori vositalari ishlab chiqariladi.

«Prezidentimizning Singapurga davlat tashrifi doirasida farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha ikkita kelishuv bitimi imzolandi», — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov.

Ushbu mamlakatning «Meynxardt Grup» kompaniyasi hamkorligida tashkil etilayotgan Loyihalashtirish va injiniring markazi bilan immunobiologik preparatlar ishlab chiqaruvchi, umumiy qiymati 49 million AQSh dollariga teng farmatsevtika korxonasi ochilishi belgilangan.

Korxonada yurtimizda kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonida qo‘llaniladigan quyidagi preparatlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi:

  • vaksina, anatoksin, probiotik va eubiotiklar;
  • immunoglobulin va immun zardoblari, gen injenerligi yo‘li bilan olingan monoklonal antitanalar;
  • immun korreksiyasi, immun tanqisligi muolajasi va profilaktikasida qo‘llaniladigan immunomodulyatorlar (interleykin, interferon, timus gormonlari, miyelopeptidlar, o‘sma nekrozi omili, o‘sish omillari va boshqalar).

Bundan tashqari, «SiPiJi Interneyshnl» kompaniyasi hamkorligida ochilayotgan O‘zbekiston–Singapur investitsiya korxonasi bilan ildiz hujayralari asosida dori vositalari tayyorlovchi biofarmatsevtika kompleksini tashkil etishga qaratilgan qiymati 100 million dollarlik loyihani ro‘yobga chiqarishga kelishilgan.

Ildiz hujayralari o‘z-o‘zidan ko‘payish, mitoz yordamida bo‘linish va maxsus hujayralar hosil qilish, ya’ni turli a’zo va to‘qimalarga aylana olish xususiyatiga ega. Zamonaviy tibbiy amaliyotda ulardan onkologik, xususan, leykoz kabi qator kasalliklarni davolashda foydalaniladi.

Ildiz hujayralari yordamida jarohat yoki degenerativ xastaliklar natijasida o‘zgarishga uchragan to‘qimalarni tiklash mumkin.

Loyihaning amalga oshirilishi natijasida onkologik kasalliklar muolajasi, ko‘mik to‘qimalari transplantologiyasi hamda markaziy asab tizimi hujayralarini tiklashda qo‘llaniladigan biofarmatsevtik vositalar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring