O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 32,8 milliard dollarga yetdi
2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 32,8 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,7 foizga oshdi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, besh oyda mamlakat 12,6 milliard dollarlik eksport va 20,1 milliard dollarlik importni amalga oshirgan. Natijada tashqi savdoda 7,5 milliard dollarlik manfiy balans shakllangan.
Shu bilan birga, oltin hisobga olinmagan eksport hajmi 6,5 milliard dollarga yetib, bir yilda 29,4 foizga o‘sgan.
O‘zbekiston eng ko‘p savdo qilgan davlatlar:
- Xitoy – 23,4 foiz;
- Rossiya – 17,6 foiz;
- Qozog‘iston – 6,9 foiz;
- Turkiya – 3,7 foiz;
- Afg‘oniston – 2,8 foiz.
Besh oyda mamlakatdan 635,8 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,7 foizga ko‘p.
Shuningdek, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 1,3 milliard dollarga yetib, bir yilda 20,1 foizga oshdi.
Xizmatlar eksporti ham o‘sishni davom ettirib, 4,6 milliard dollarni tashkil qildi. Asosiy ulush turizm, transport hamda telekommunikatsiya va IT xizmatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Import hajmi esa 20,1 milliard dollarga yetdi. O‘zbekiston eng ko‘p mahsulotlarni Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya va Hindistondan import qilgan. Import tarkibida asosan mashina va uskunalar, sanoat mahsulotlari hamda kimyoviy mahsulotlar ustunlik qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter