Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston uchun 15 ming haj kvotasi ajratildi

O‘zbekiston uchun 15 ming haj kvotasi ajratildi

Joriy yilda ham O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 000 nafar etib belgilandi.

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov «Haj-2024» mavsumiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.

«Haj-2024» mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni paytda Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida bo‘lib, yurtdoshlarimiz uchun barcha sharoitlarni hozirlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar.

Shuningdek, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun ajratilgan mehmonxonalar shay holatga keltirilgan hamda yurtdoshlarimizni kutib olish bo‘yicha barcha zaruriy ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning 23-maydan 7-iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali hojilarni Madina shahriga yuborish hamda 22-iyundan 12-iyulga qadar Jidda shahridan O‘zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun: ziyoratchilarimiz Madina shahrida «Masjidi Nabaviy»dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli «Zam-zam Pullman» mehmonxonasida, Makka shahrida esa «Abraj al-Dana», «Al-Ayam Elite», «Dali Hotel», «Najma Al-Saad», «Open Hotel», «Shueae Nozha Hotel», «Ayed Al-Saha» mehmonxonalarida istiqomat qiladilar.

Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish, ibodatlarni emin-erkin hamda to‘la-to‘kis amalga oshirishlari uchun yuqori malakali Ishchi guruhi, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etiladi. Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida «Haj-2024» vizasi bo‘lishi shart.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring