O‘zbekiston va Qozog‘iston «Elektron hukumat» sohasida manfaatli kelishuvlarga erishdi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘iston Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad AKT sohasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar, erishilayotgan natijalar bilan o‘rtoqlashish barobarida «Elektron hukumat» qamrovini yanada kengaytirish, malakali IT-kadrlarni tayyorlash hamda IT-industriya va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yaxshi ko‘rsatkichga erishayotgan davlatlar tajribasini o‘rganish, shuningdek, ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishishdir.
Shu munosabat bilan 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi AKT vazirligi huzuridagi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Bahrom Ziyayev hamda Qozog‘iston Respublikasi «Zerde» Milliy infokommunikatsiya xoldingi» AJ boshqaruv raisi Arman Abdrasilov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Nima uchun aynan «Zerde»?
«Zerde» – yirik IT xoldinglardan biri, AKT sohasidagi milliy rivojlanish instituti, elektron hukumatning xizmat integratori. Kompaniya 2008 yilda tashkil etilgan bo‘lib, elektron hukumatni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi va davlat organlarining IT -arxitekturasini yaratadi. U «Raqamli Qozog‘iston» davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni olib boradi, IT -texnologiyalar bozorini rivojlantirish va ilg‘or loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Xolding faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi – Qozog‘istonda IT-sanoatning eksport salohiyatini rivojlantirish.
Xolding tarkibiga 4 ta sho‘’ba korxona: «Milliy axborot texnologiyalari» AJ, «Astana Hub» IT-startaplar xalqaro texnoparki, «Qazinnovations» innovatsiyalarni rivojlantirish milliy agentligi AJ, Ostona IT universiteti kiradi.
«Zerde» xoldingining sof foydasi – 6,35 million dollarni, jamlangan foydasi – 13,1 million dollarni, ishchilar soni esa 2300 nafarni tashkil etadi.
Yirik loyihalaridan eGov.kz davlat xizmatlari portali va eGov Mobile mobil ilovasi, davlat organlarining IT-arxitekturasi, loyihalarni boshqarish, havo yuklarini tashish sohasida qog‘ozsiz hujjat aylanishi, texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yagona IT kabilar alohida e’tirofga loyiq. Shuningdek, avtotransport vositalari, neft mahsulotlarining ayrim turlarini hisobga olish, AKT sohasida milliy, davlatlararo va xalqaro standartlashtirish doirasidagi ishlari ham yuqori baholangan.
O‘zbekiston tomonni qiziqtirgan loyihalar
Ikki davlat mas’ullari o‘rtasida kechgan samimiy suhbatda bir nechta muvaffaqiyatli loyihalar O‘zbekiston tomonida alohida qiziqish uyg‘otdi:
- eGov Mobile mobil ilovasi – smartfonlar orqali davlat va elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Jami foydalanuvchilar soni – 8,4 mln. Ko‘rsatiladigan xizmatlar soni – 113 ta. 2021 yilda 11,4 mln. xizmat ko‘rsatilgan.
- "Raqamli hujjatlar" – eGov Mobile ilovasida shaxsiy elektron hujjatlarni saqlash xizmati. Jami 4,6 million foydalanuvchisi bor. Ilovada 15 turdagi raqamli hujjatlar (shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma, haydovchilik guvohnomasi, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, nikoh guvohnomasi, texnik pasport, COVID-19 uchun PZR testi natijasi, emlash pasporti va boshqalar) mavjud. Shuningdek, fuqaroning roziligi bilan uchinchi shaxsga hujjatlardan foydalanish imkoniyatini ham beradi.
- Kommunal xizmatlar uchun yagona hisob-kitob markazi. Kommunal xizmatlar uchun haq to‘lash tartibini soddalashtirish va iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida Yagona kommunal hisob-kitob markazi ochilgan. U orqali elektr energiyasi, issiq va sovuq suv, gaz, kanalizatsiya va chiqindilar uchun to‘lovni bitta chek orqali amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, yer, mol-mulk, transport soliqlari, kabel televideniyesi va boshqalar uchun to‘lovlarni ham yagona kvitansiyaga kiritish rejalashtirilayotgan ekan.
Raqamlashtirish va elektron hukumat tizimidagi bu kabi ilg‘or loyihalar BMTning 2020 yilgi elektron hukumat reytingida Qozog‘istonning 29-o‘ringa (MDHda 1-o‘rin, 10 pog‘ona yuqoriga) ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
Mustahkam hamkorlik, katta tajriba va istiqboldagi loyihalar...
Uchrashuv yakunida elektron hukumat tizimini rivojlantirish va davlat xizmatlarini raqamli o‘zgartirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va o‘zaro tajriba almashish maqsadida Axborot texnologiyalari vazirligi huzuridagi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamda «Zerde» xolding kompaniyasi o‘rtasida Memorandum imzolandi.
Umid qilamizki, ushbu hujjat ham tomonlar hamkorligini yanada mustahkamlash barobarida, tajriba almashish va raqamlashtirish sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejasini ishlab chiqishga, jumladan, elektron hukumat infratuzilmasini, davlat xizmatlari milliy portalini va uning mobil ilovasini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlari biznes-jarayonlarini reinjiniring qilish, IT mutaxassislar malakasini oshirish kabi soha rivoji yo‘lidagi ulkan maqsadlarimiz ro‘yobiga ozmi-ko‘pmi o‘z hissasini qo‘shadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter