O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 7 mlrd dollarlik bitim va shartnomalar portfeli ishlab chiqildi
Oqo‘rda qarorgohida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorligining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekani, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganini ta’kidladi.
Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi o‘tkazilayotgani ham shundan dalolat beradi.
Tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. 2034 yilga qadar strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi tayyorlandi, tashqi siyosat idoralari rahbarlari raisligidagi kengash tashkil etilmoqda.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni besh barobar ko‘paydi, yuk tashish hajmi ortmoqda, yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Yoshlar siyosati va axborot maydonini shakllantirish sohasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda kompleks hamkorlik dasturini tayyorlashga kelishib olindi.
Ikki mamlakat parlamentlari palatalari ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, o‘zaro bozorlarni shakllantirish va uchinchi mamlakatlardan importning o‘rnini bosish hisobiga yanada oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu ma’noda, hukumatlarga oy yakuniga qadar tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida joriy sammitga qadar umumiy qiymati 7 milliard dollarlik yangi bitim va shartnomalar portfeli ishlab chiqildi.
Ular orasida energetika, transport va logistika, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi loyihalar bor.
Sirdaryo viloyatida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini jadallashtirish va u yerda korxonalarni joylashtirishga kelishib olindi.
Yirik loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish masalasi o‘rganiladi.
Tranzit yuk tashish uchun qulay sharoitlarni ta’minlash, qo‘shma logistika majmualarini qurish, ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil va temir yo‘l yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Strategik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirishga ustuvor e’tibor qaratildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar. Hududlar forumini ikki Hududlar rahbarlari kengashiga aylantirish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilning kuzida Samarqandda o‘tkazishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter