Abdulla Aripov o‘z vaqtida suv yetkazib berilgani uchun Tojikistonga minnatdorlik bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishchi tashrif bilan Tojikiston Respublikasida bo‘lib turibdi. Har ikki davlat delegatsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida Abdulla Aripov iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalar borasida gapirib o‘tdi.
— Bizdagi statistikaga ko‘ra so‘nggi uch yilda har ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari ikki yarim barobarga oshdi. O‘zbekistonning Tojikistonga eksporti 2,1 barobarga oshgan bo‘lsa, Tojikiston eksporti qariyb 5 barobar ortdi. Bundan kelib chiqadiki, bizning munosabatlarimiz faqat bir tomonlama manfaatli hamkorlik emas, balki har ikki tomonga naf keltiradi.
Joriy yilda pandemiya tufayli O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash pasaydi, ammo faqat Tojikiston bilan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,3 foizga oshib, 317 million dollarni tashkil etdi.
Yaqin yillarda oldimizga qo‘yilgan vazifa — o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard AQSh dollariga yetkazish imkoniyatiga egamiz.
Fursatdan foydalanib, joriy yilda suv tanqis bo‘lishiga qaramasdan, qo‘shimcha suv yetkazib berganingiz uchun Tojikiston tomoniga alohida minnatdorlik bildiramiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda xususan, ilmiy markazlar o‘rtasida tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan, navbatdagi ishchi guruh yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazishni taklif qilamiz.
Pandemiya vaqtida bir birimizni qo‘llab quvvatlaganimiz hamkorlikning qay darajada mustahkam ekanini bildiradi. O‘zbekiston bu hamkorlikni davom ettirishga tayyor, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov.
Bosh vazir tomonidan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgach, quyidagilarni amalga oshirish taklif etildi.
- Har ikki davlat ziyolilari forumini o‘tkazish
- Ikki davlat yoshlarining o‘zaro tashrifini amalga oshirish
- «Bitta sayohat turi butun mintaqa bo‘ylab» tamoyili ostida, Buyuk Ipak yo‘li brendini rivojlantirish va ziyorat turizmi loyihalarini birgalikda amalga oshirish.
- Ta’lim va tibbiyot borasida hamkorlikni rivojlantirish
- O‘zbekistonda Tojikiston madaniyati kunlarini o‘tkazish
- Dushanbe shahrida o‘zbek va tojik san’atkorlari ishtirokida konsert dasturlarini tashkil etish.
O‘z navbatida Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Kohir Rasulzoda ham tashrif uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.
— O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida yechimini topmagan masala qolmadi. Hurmatli Abdulla Nig‘matovich, ushbu majlis tashkil etilgani va undagi ishtirokingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman.
Majlis davomida qabul qilingan qarorlar ikki tomonlama bajarilishiga ishonaman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter