O‘zbekiston va Xitoy hududlararo forumi o‘tkazildi

Joriy yilning 1-2-iyun kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston-Xitoy ikkinchi hududlararo forumi o‘tkazildi.
Forum yakunlari bo‘yicha bugun, 2 iyun kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy delegatsiyasi rahbari – Xitoy Xalq Siyosiy maslahat Kengashining raisi o‘rinbosari, ShHTning qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik bo‘yicha Xitoy qo‘mitasi raisi Shen Yueyue bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida Shen Yueyue xonim Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Xitoy Xalq Siyosiy maslahat kengashi raisi Van Xuninning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llangan samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘radi.
Bugun ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bunda, shubhasiz, mamlakatlarimiz Yetakchilari o‘rtasidagi samimiy birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xitoy O‘zbekistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va milliy manfaatlari yo‘lida olib borayotgan siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Xitoyning Markaziy Osiyoda muhim savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 3700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energiya sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 1 iyun kuni davlatlarimiz o‘rtasida kuchga kirgan vizasiz tartibi ikki mamlakat ishbilarmonlari doirasida aloqalarni rivojlantirish hamda sayyohlar oqimini yanada oshirishda muhim o‘rin tutishi, shuningdek, Samarqand shahrida o‘tkazilgan ikkinchi hududlararo forumi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar hamda imzolangan hududlararo bitimlar va tijorat shartnomalari o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish, xususan, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar hamda ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter