Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston vakili COOMET prezidenti lavozimiga qayta saylandi

O‘zbekiston vakili COOMET prezidenti lavozimiga qayta saylandi

Foto: O‘zMII

Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan COOMET - Yevroosiyo mamlakatlari milliy metrologiya muassasalari qo‘mitasining 38-yig‘ilishi O‘zbekiston uchun muhim xalqaro natija bilan yakunlandi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov COOMET prezidenti lavozimiga ketma-ket ikkinchi muddatga saylandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti matbuot xizmati rahbari Sevara Tulyaganova ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, mazkur qaror O‘zbekistonning xalqaro metrologiya maydonidagi nufuzi ortib borayotgani hamda mamlakat tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganining yana bir tasdig‘idir. 

1991-yilda tashkil etilgan COOMET Yevroosiyo davlatlari metrologiya muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi nufuzli tashkilot hisoblanadi. Ilgari uning prezidenti lavozimiga Polsha, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Belarus va Qozog‘iston vakillari saylanishgan. 2024 yilda esa tarixda ilk bor O‘zbekiston vakili ushbu tashkilotga rahbar etib saylangan.

- Bu qaror O‘zbekistonning xalqaro metrologiya maydonidagi nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganini, mamlakatimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar va samarali hamkorlik xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanayotganini yana bir bor tasdiqladi. 2026 yilgi saylovlarda ham yana shu nomzodning qayta saylanishi mamlakatimiz mutaxassislariga bo‘lgan ishonchning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi,-deydi Sevara Tulyaganova.

Mutaxassislar fikricha, COOMET doirasidagi rahbarlik O‘zbekistonning xalqaro metrologiya tizimidagi o‘rnini mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilish doirasida yana bir qator o‘zbekistonlik mutaxassislar ham mas’ul lavozimlarga saylangan. Jumladan, Azamat Taubaldiyev «Ionlashtiruvchi nurlanishlar va radioaktivlik» texnik qo‘mitasi raisi, Alisher Botirov esa «Sarf o‘lchash» ishchi guruhi raisi etib tasdiqlangan.

Bu qarorlar o‘zbekistonlik metrologlarning yuqori malakasi va xalqaro maydondagi nufuzining amaliy e’tirofi sifatida baholanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: COOMET qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi 2027-yilda Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring