Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston zargarlik sanoati yangi bosqich sari: «Uzbek Jewellery Fair – 2025» xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

O‘zbekiston zargarlik sanoati yangi bosqich sari: «Uzbek Jewellery Fair – 2025» xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

Bugun poytaxtimizda «Uzbek Jewellery Fair – 2025» xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimiz hamda dunyoning qator davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar, sohaning yetakchi mutaxassislari va tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbuslari bilan amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbir milliy zargarlik sanoatini jahon bozorida munosib o‘ringa olib chiqish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va sohadagi ilg‘or texnologiyalarni jalb etishda muhim o‘rin tutadi.



So‘nggi yillarda zargarlik sanoatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2024 yil 23 iyulda qabul qilingan Prezidentimizning tarixiy Farmoni sohada tub islohotlarni boshlab berdi.



Mazkur hujjatga asosan, zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun soliq va bojxona sohalarida keng qamrovli imtiyozlar joriy etildi. Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish, «O‘zbekzagarsanoati» uyushmasiga a’zo korxonalarni yer va mulk soliqlaridan ozod etish, imtiyozli kredit liniyalarini ochish, xomashyo – ya’ni oltin yetkazib berish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish kabi chora-tadbirlar amalga oshirildi.



Ko‘rgazmada 100 ga yaqin kompaniyalar, jumladan, mahalliy va xalqaro brendlar o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etmoqda. Xususan, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Turkiya, Ozarbayjon, Armaniston kabi mamlakatlar kompaniyalari shular jumlasidan.



Tadbir doirasida zargarlik buyumlarining ulgurji hamda zamonaviy asbob-uskunalar va texnologiyalar savdosi amalga oshirilmoqda.

Ko‘rgazma savdosi 24-25 may kunlari ham davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring