O‘zbekistonda Hakamlar akademiyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qaroriga binoan futbol hakamligini yanada rivojlantirish maqsadida assotsiatsiya qoshida Hakamlar akademiyasi ish boshlaydi.
«O‘zbekistonlik futbol hakamlari har doim Osiyo miqyosida yuqori mavqega ega bo‘lib kelgan. Jahon chempionatlarida hakamlik bo‘yicha rekordlar, Osiyo kuboklarining hal qiluvchi o‘yinlarini boshqarish, qit’a va jahon miqyosida eng yaxshi hakamlik bo‘yicha individual sovrinlarni qo‘lga kiritish kabi yutuqlarni eslab o‘tish mumkin. Bugungi kunda ham hakamlarimiz xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda», – deyiladi O‘FA xabarida.
Qayd etilishicha, mazkur akademiya bir necha avlod davomida shakllangan hakamlik maktabini yanada mustahkamlash, yosh hakamlarga professional darajada bilim va ko‘nikmalar berish, hakamlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish orqali ish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Ushbu akademiyaga xalqaro tajriba asosida faoliyat yuritib, futbolchilik faoliyatini turli sabablarga ko‘ra yakunlagan, jismonan yetuk, futbol bo‘yicha yetarli bilimga ega hamda chet tillarini biladigan yoshlar jalb etiladi.
Akademiya tomonidan boshlanadigan tanlov va undagi talablar haqida O‘FA rasmiy sahifalari orqali yaqin kunlarda batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda hakamlik faoliyatini yakunlagan Ravshan Irmatov Jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p o‘yin boshqargan hakam sifatida rekord o‘rnatgan. Irmatov 2010, 2014 va 2018 yilgi mundiallarda jami 11 ta uchrashuvni boshqarib borgan. Ilk boshqargan uchrashuvi esa 2010 yilgi mundialni ochib bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter