Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondagi ishsizlik darajasi haqida rasmiy ma’lumot berildi

O‘zbekistondagi ishsizlik darajasi haqida rasmiy ma’lumot berildi

Foto:«Sputnik»

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekistondagi ishsizlik darajasi haqida rasmiy ma’lumot berdi.

2019-yilning mart oyida vazirlik huzuridagi Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan respublikadagi 108 ta tuman va shaharlarda keng ko‘lamli ijtimoiy tekshiruvlar o‘tkazdi. Fuqarolarning 462 ta o‘z-o‘zini boshqarish organlari, 4900 ta uy xo‘jaligi va 25691 nafar fuqaro qamrab olindi. 

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ijtimoiy faol aholiga nisbatan ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2018-yilning yanvar-dekabriga (9,3 foiz) nisbatan 0,1 foizga ko‘p, biroq 2018-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 0,3 foizga pastroqdir. Eng yuqori ishsizlik darajasi 9,7 foiz bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Toshkent shahrida (8,0 foiz) aniqlandi. Ishga muhtoj aholi soni 1 391,1 ming kishini tashkil etdi. Ishsizlik darajasi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida 15,3 foizni, shundan 15-25 yoshlilar o‘rtasida 17,1 foizni, ayollar ishsizligi esa 13,0 foizni ko‘rsatdi.

Mehnat resurslari miqdori mehnatga layoqatlilar sonining 183,2 ming kishiga ortgani hisobiga 18 953,8 ming aholini tashkil etdi. Bu 2018-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foizga ko‘p.

Ijtimoiy faol aholi soni esa 14 767,1 mingga yetgan (2018 yil yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foiz yuqori). Bunda rasmiy ijtimoiy sektordagi bandlik 5 412,1 ming kishini tashkil qiladi. Mazkur ko‘rsatkich ijtimoiy sohada band bo‘lganlar (92,2 mingga), shuningdek, patentga ega yuridik shaxs bo‘lmagan tadbirkorlar (76,9 mingga) ortishi hisobiga 176,3 mingga (3,4 foizga) ko‘paygan.

Norasmiy sektordagi bandlik esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkich bilan bir xilda qolgan – 7 963,9 ming kishi. Bunda vaqtinchalik bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar soni (41,9 mingga) oshgani kuzatilgan, mehnat shartnomalarisiz ishlayotganlar va maxsus ruxsatnomasiz tadbirkorlik faoliyatini olib borayotganlar soni esa umumiy olganda biroz (3,6 mingga) kamaygan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring