Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda koronavirus qanday tarqaldi? Mutaxassis tafsilotlarni ma’lum qildi

O‘zbekistonda koronavirus qanday tarqaldi? Mutaxassis tafsilotlarni ma’lum qildi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori, Bosh sanitariya vrachi Bahrom Almatov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Mutasaddi O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq tafsilotlarni oshkor qildi.

— Horijda virus bilan kasallangan fuqaromiz yurtimizga qaytib kelgandan so‘ng 35 kishi ishtirokida bayram qilgan. Ulardan 13 nafarida bugungi kunda kasallik qayd etilgan.

Bemor samolyotda uchib kelish chog‘ida 250 odam bilan muloqotda bo‘lgan. O‘zbekistonga yetib kelgandan so‘ng shaxsiy avtomobilda birga o‘tirgan oila a’zolariga kasallik yuqtirgan. Shuningdek ish joyida ham 80 nafar xodim va 42 nafar bemor bilan muloqotda bo‘lgan.

Zanjir davom etgan. Xususiy kasalxonada ishlagan xodimlar uyiga borgan, do‘konga borgan, bozorga chiqqan. Bu jarayon davomida juda ko‘p odamlar bilan muloqotda bo‘lgan.

Kasal aniqlangach, tashxis qo‘yilgandan so‘ng zudlik bilan oila a’zolari, ish joyidan kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan kontingent aniqlanib, karantinga joylashtirildi. Ular kuniga ikki mahal tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kasallik borligi tekshirilmoqda.

Tekshiruv jarayonida birinchi bemordan koronavirus yuqtirgan odamlar aniqlanib, ularni davolash choralari ko‘rilyapti.

Aynan shu sababga ko‘ra Davlat tomonidan harakatlanish cheklanmoqda. Barcha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar aholining o‘zaro muloqotini to‘xtatishdan iborat. Sababi, kasal bo‘lgan odam bilan muloqotdan so‘ng infeksiya tarqalishi ehtimoli yuqori, — dedi Bahrom Almatov.

Mutaxassis tomonidan ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda 20 yoshli qiz koronavirus kasaliga chalingan. Ammo uning yaqinlari, qarindoshlari va tanishlaridan hech kim xorijga chiqmagan va ta’lim jarayonida virus yuqtirib olgan. «Bu holat barchamizni xushyor bo‘lishga chaqiradi», — deya ta’kidladi Bahrom Almatov.

Eslatib o‘tamiz, bugundan e’tiboran Toshkent shahriga olib kiruvchi postlar yopildi. Shuningdek Farg‘ona vodiysi viloyatlariga olib boruvchi yo‘l ham yopilgan va faqat boshqa viloyatlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar vodiydan chiqib ketishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring