Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda xususiy notariuslar faoliyati qachondan yo‘lga qo‘yiladi?

O‘zbekistonda xususiy notariuslar faoliyati qachondan yo‘lga qo‘yiladi?

Ruslanbek Davletov — O‘zbekiston adliya vaziri

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali uchun eksklyuziv intervyu berdi. «Xabar.uz» muxbiri notariat sohasida kutilayotgan islohotlar — xususiy notariuslar faoliyati qachondan joriy etilishi bilan qiziqdi.

— Xususiy notarius bo‘yicha sizga bir narsani aytaman, mana prezidentimiz tomonidan 2018-yil 13-aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3666-qaroriga imzo chekildi. Shu yerda biz ikki bosqichdan iborat topshiriq olganmiz, — dedi Ruslanbek Davletov. — Bugungi kundagi notariatning fojiasi, notariatning tizimi muammosini tahlil qilib uni takomillashtirish bo‘yicha Adliya vazirligiga Prezident qarori loyihasini tayyorlash topshirilgan edi. Bu topshiriqni bajardik. Shu yilning 25-may kuni ushbu qaror davlat rahbari tomonidan imzolandi va ommaga e’lon qilindi. Hujjat mazmuni OAVda, jumladan, «Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida ham keng yoritildi. Fursatdan foydalanib buning uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bu notariat tizimidagi islohotlarning birinchi bosqichi hisoblanadi.

Ikkinchi bosqichda xususiy notariuslar faoliyatini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shu o‘rinda O‘zbekiston tarixida xususiy notariuslar faoliyat yuritganini esga olishimiz joiz. Ularning faoliyati keyinchalik to‘xtatilgan. Bunga yetarlicha asoslar bo‘lgan. O‘sha paytda kuzatilgan negativ tendetsiyalar, muammolar, qonunbuzilishlarni o‘rganib, yana shu xatolarni takrorlamaslik uchun juda ehtiyot bo‘lishimiz kerak.

Davlat rahbari notariat sohasidagi islohotlarning ikkinchi bosqichini amalga oshirishdan avval tizimni puxta o‘rganish, qaysi model ishlatilishi, u qanday oqibatlarga olib kelishini inobatga olish bo‘yicha qat’iy topshiriq bergan. Bu tizimni qay tarzda boshqaramiz, tizim xususiylashgandan keyin davlatning uni boshqarishdagi roli nimadan iborat bo‘ladi, hozir shu masalalarni chuqur tahlil qilish jarayonidamiz.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning 7-iyulida «Harakatlar strategiyasi» markazida o‘tkazilgan anjumanda ishtirok etgan adliya vaziri o‘rinbosari Anvar Usmonov 2018-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda xususiy notariuslar faoliyat boshlashi haqida ma’lum qilgan edi. O‘shanda u nodavlat notarial idoralari ish yuritishlari uchun amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi talab etilishi, hozir bu borada ham takliflar ishlab chiqilayotgani, o‘zgartishlar loyihasi ishlab chiqilganidan keyin u jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi haqida aytib o‘tgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring