Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondagi «Coca-Cola»ning davlat ulushini sotib olish uchun 150 million AQSh dollari beradiganlar bor. Ammo...

O‘zbekistondagi «Coca-Cola»ning davlat ulushini sotib olish uchun 150 million AQSh dollari beradiganlar bor. Ammo...

Foto: REUTERS/Darren Whiteside/Files

Yaqinda «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU)ning 57,118 foizlik davlat ulushi sotilishi bo‘yicha shubhalar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ushbu holat bo‘yicha bir qancha tashkilotlardan murojaatlar kelishni boshladi va bu auksion ochiqchasiga g‘irromlik deb baholanmoqda. Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi bir qancha alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar ushbu auksionda qatnashib, «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd»ning davlat ulushini sotib olishni istamoqda. Ammo auksionda qatnashish qonun-qoidalari ularning ishtirokiga to‘siq bo‘lmoqda ekan.

Shulardan biri — «Hydrolife Bottlers» MChJ tomonidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga yuborilgan va tahririyatga nusxasi taqdim etilgan murojaatda shunday deyiladi:

«... e’lon chiqqandan keyin onlayn savdoda ishtirok etmoqchi bo‘ldik. Biroq shartlar bilan tanishmoqchi bo‘lganimizdayoq hayolimga «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd»ning davlat ulushi sotilib bo‘linibdiku, endi nima qiladi e’lon qilib degan fikr keldi. Chunki shartlar bilan tanishishning o‘zidayoq shart qo‘yilyapti. Shartlarga rozi bo‘lib ichidagi savdo shartlari bilan tanishsangiz, talabga javob beradigan tadbirkor yoki tashkilot O‘zbekistonda yo‘qligiga amin bo‘lasiz».

Shuningdek, O‘zbekistondagi 1-raqamli, yillik savdo aylanmasi 1,5 trillion bo‘lgan, barqaror daromadga ega zavodni sotib olish uchun «Hydrolife Bottlers» MChJ 150 million AQSh dollari ham to‘lashga tayyorligini bildirishgan. (Qizig‘i, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd» MChJning 57,118 foiz davlat ulushiga kimdir 70 million bermoqchi bo‘lsa, shu bilan O‘zbekiston hukumati muzokarani boshlaydi deb aytib qo‘ygandi. Ikki karra yuqori narx taklif qilayotganlar bor bo‘lsa, nega davlat ulushini xorij kompaniyasiga arzonga berishmoqchi?).

O‘zbekistonning yana bir korxonasi — «PERFECT SHINE ENERGETIC» MChJ ham yiliga 27 million dollar sof foydaga ega yirik zavodning davlat ulushini sotib olishni istaydi. Ammo bu kompaniya ham moddiy tomondan qurbi yetsa-da, sotib olishiga qo‘yilgan «maxsus» talablar to‘siq bo‘layotganini bayon etgan.

«PERFECT SHINE ENERGETIC» MChJ tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yuborilgan murojaatida quyidagi e’tirozlar bildirilgan:

«...Shumi oshkoralik? Xulosa qilib aytganda, jamiyatimizda mavjud illatlar hali ham turli xil usullar bilan himoya qilinmoqda. Ijrochilar o‘z ish tajribalarida yillab shakllantirgan «yopiq tizim»ni osonlikcha qo‘ldan boy bergilari yo‘q.

Korrupsiyaga qarshi kurashish tashkiloti bularni ko‘ra bila turib nega jim. Bu tashkilot nima maqsadda tuzilgan edi?!

Men bir oddiy tadbirkor sifatida Sizdan «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd»ning davlat ulushini sotish bo‘yicha o‘tkazilayotgan auksion savdosini amaldagi qonunchilikka asosan o‘tkazilishini ta’minlashingizni so‘rayman», – deydi «PERFECT SHINE ENERGETIC» MChJ rahbari.

Anglashiladiki, O‘zbekistondagi «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd»ning davlat ulushini sotib olishni istaydigan tadbirkor va tashkilotlar o‘zimizda ham talaygina bo‘lib chiqmoqda. Ammo ular auksionda qatnashish imkoniyatidan mahrum. Asl sabab esa sirligicha qolmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring