Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga keshbeklar kerakmi?

O‘zbekistonga keshbeklar kerakmi?

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonliklarga xarid qilganlari uchun pullarining bir qismi qaytariladimi?

Shu yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki terminallardan foydalanganlik uchun 0,2% majburiy haqni belgilab qo‘ydi. Mablag‘lar, shu jumladan, keshbeklar tizimini rivojlantirishga yuboriladi. Muxbirimiz keshbeklar nima ekanligini va ular O‘zbekistonga qanchalik kerakligini o‘rgandi.

Keshbek nima

Keshbek (cash back) ingliz tilidan tarjima qilganda – «naqd pullarni qaytarish». Bu shuni bildiradiki, kishi avval tovar yoki xizmatning to‘liq qiymatini to‘laydi, so‘ng esa mablag‘ning bir qismi unga shu zahoti yoki oy oxirida qaytariladi. Shunday qilib, xarid foydali bo‘ladi. Aksariyat hollarda qaytarish foizi 0,5 foizdan 5 foizgacha o‘zgarib turadi.

Aziz Raximov (Slick):

– O‘zbekistonda keshbeklar bilan bog‘liq loyihalar mavjud. Gap shundaki, ularning soni hali uncha ko‘p emas. Click, masalan, kartadan kartaga pul o‘tkazma haqining yarmini mijoz hamyoniga qaytaradi. Kapitalbank ham o‘zining keshbeklari – «Apelsinchalari» kabi servisini ishga tushirdi. Boshqa banklar ham shunga o‘xshash loyihalar bilan shug‘ullanmoqda. Yaqinda Humans kompaniyasi O‘zbekistonda ochilganligi haqida e’lon qildi. U yerda ham barcha xaridlarga keshbek rejalashtirilgan. Shuning uchun bu sohada bizlarni joriy va keyingi yillarda xilma-xil takliflar shov-shuvi kutmoqda.

Shuningdek, ba’zan keshbek ostida keyingi safar sotuvchining oldiga borganda to‘lash mumkin bo‘lgan bonus ballar hisoblanishi nazarda tutiladi.

Umid Gafurov (Troll.uz, Edu Now, The Base):

«Keshbekxaridning 1-10 foizi xaridorning o‘zida qolishi butun dunyoda ommabop bo‘lgan amaliyot. Men ham ma’lum to‘lov tizimlari orqali aviachiptalarni sotib olib, bir-ikki marta mablag‘ning 2 foizini qaytarib olganman. Albatta, bu yoqimli. O‘zbekistonda bunday tizimlarni uchratmadim. Bir necha yil oldin shunga o‘xshash loyihani  ishga tushirmoqchi bo‘ldim, bir necha yuz dollar sarfladim va... bu ishni tashlab qo‘ydim. Loyiha katta sarmoyalarni talab etishini tushunib yetdim. Bugungi kunda O‘zbekistonda foydalanish mumkin bo‘lgan variantlardan jamg‘arib boriladigan kartalarni, masalan, «korzinka.uz»da ishlatib kelayapman.

Keshbeklar kim uchun va nima uchun beriladi

Har qanday tadbirkor mijozlarni pullarni tez-tez qaytarish bilan rag‘batlantirishga qodir. Keshbeklar dasturlari 3 turda bo‘ladi:

  • Bankdan pullarni qaytarish. Agar bankda keshbeklar dasturi bo‘lsa, unda uning kartasi bilan sheriklar shoxobchalarida to‘lov amalga oshirilganda mablag‘larning bir qismi qaytarib beriladi.
  • Keshbek-servisdan pullarni qaytarish (bu onlayn-do‘konlardan takliflarni to‘plovchi maxsus sayt-agregator. Shoxobcha va xaridor o‘rtasida vositachi vazifasini bajaradi). Foydalanuvchi sheriklar ro‘yxatidan kerakli tovar bilan saytni topadi, havola bo‘yicha o‘tadi, xaridni amalga oshiradi, keshbek-servis esa keyinchalik unga sarflangan mablag‘ning bir qismini qaytaradi.
  • Savdo shoxobchalarning sodiqlilik dasturi. Xaridor bonuslarni yig‘ib, so‘ng ular bilan ushbu shoxobchada yoki sherikda hisob-kitob qiladi. Oldingi variantlardan farqli mijoz amaldagi pullarni olmaydi. Agar siz doimiy xaridor bo‘lmasangiz va bu yerda katta xaridlarni rejalashtirmagan bo‘lsangiz, unda olgan bonuslar befoyda.

Nima uchun O‘zbekistonda keshbeklar rivojlanmagan

Qo‘shni davlatlarda keshbeklar har qadamda: banklar, restoranlar, oflayn va onlayn-do‘konlar tomonidan taklif qilinadi. Ular – tadbirkor va mijoz uchun odat bo‘lib qolgan marketing vositasi. O‘zbekiston bunday variantlar xilma-xilligi bilan maqtana olmaydi.

Aziz Rahimov (Slick):

– O‘zbekistonda keshbek sohasidagi ilk loyihalar 2017–2018 yillarda paydo bo‘la boshladi. Lekin ular rivojlanishiga «keshbek» tushunchasining huquqiy noaniqligi xalaqit bergan. Soliq organlar uni fuqaroning daromadi sifatida talqin qilganlar va daromad solig‘ini to‘lashni talab qilganlar. Fuqaro o‘rniga soliqni o‘tkazishga bank, masalan, tayyor bo‘lgan bo‘lsa, keshbeklarning boshqa ehtimoldagi tashkilotchilari esa — yo‘q. Ularda oluvchi haqida kerakli ma’lumotlar yo‘q edi. Hammasi o‘tgan yilning sentyabr oyida o‘zgardi, Prezident Farmoni bilan belgilab qo‘yildiki, «jismoniy shaxslarning bank plastik kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga ommaviy oferta shartlari asosida o‘tkazilgan bonuslar (pul, ball va boshqa birliklar) shaklidagi mablag‘lar (cashback) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bazasi sifatida qaralmaydi». Huquqiy asos paydo bo‘ldi va endi uning asosida yangi loyihalar faol rivojlana boshladi.

Keshbek — bu foydalimi yoki shubhalimi?

O‘zimizga savol berishimiz mumkin: «Nima uchun do‘kon, bank yoki restoran menga pul qaytarishi kerak?». Javob – chunki unga bu foydali. Aslida keshbek chegirmaga o‘xshash, uning natijasida:

  • xaridor tovar yoki xizmat uchun kamroq to‘laydi;
  • tadbirkor narxlarni kamaytirish hisobiga sotuvlar hajmini oshiradi. Keshbek yangi mijozlarni jalb qiladi va eskilarni qaytishga undaydi. Odamlar pastroq narxlarda sotib olishni istaydilar.
  • keshbek-servis tadbirkordan mukofot oladi va uncha katta bo‘lmagan qismini xaridorga beradi. Farq — bu uning vositachilik xizmatlari uchun daromadi.

Umid Gafurov (Troll.uz, Edu Now, The Base):

 – Agar biznes nuqtai nazaridan qarasak, unda tadbirkorga mijozlarni qaytaruvchi keshbeklar foydali. Masalan, xuddi shu muassasada qilingan xaridlar uchun ballar yoki mablag‘ ko‘rinishdagi bonuslar. Keshbek amaldagi pul ko‘rinishda shu zahoti berilganda, unda bu, ko‘proq, foydalanuvchilar uchun yoqimli bonusdir.

Keshbek-firibgarlar bo‘ladimi?

Aldanib qolish bilan har qaysi sohada duch kelish mumkin.

1-vaziyat

Keshbek taklif qiluvchi savdo shoxobchasida narx oshirib yuborilgan. Bunday narxlarni raqobatchilarda solishtiring. Ehtimol, sotuvchi qaytarishga tayyor bo‘lgan mablag‘, narxlardagi farqni qoplamaydi.

2-vaziyat

Insofsiz keshbek-servis mablag‘dan va’da qilingan foizni qaytarmaydi. Bir kunlik saytlar moliyaviy piramida tamoyili bo‘yicha ishlaydi: boshida keshbeklar to‘lab kelinadi, xaridorlarning hajmi anchagina bo‘lganida esa, vositachi barcha do‘konlardan haqni yig‘ib g‘oyib bo‘ladi.

3-vaziyat

Halol keshbek-servis o‘rniga firibgarlar sayti. Agar siz to‘lov shakliga shaxsiy ma’lumotlaringizni kiritsangiz, unda jinoyatchilar kartangizdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar va undan pul yechib oladilar. Esingizda tuting, o‘z kartangiz PIN-kodini uchinchi shaxslarga ma’lum qilish mumkin emas.

Xulosalar:

  1. Eng ishonchli keshbek — bankniki, chunki bu soha qat’iy nazorat qilinadi.
  2. Keshbek-servislarni ishlatganda faqat yaxshi obro‘ga ega tekshirilgan tizimlardan foydalaning.
  3. Bonuslar bilan keshbekdan ko‘ra, pul bilan keshbek qulay. Pullarni xohlagan narsalarga ishlatish mumkin.
  4. Agar tanlash imkoni bo‘lsa, shu zahoti keshbeklardan foydalaning. Bu holda pullar kartaga xarid qilgandan so‘ng darhol qaytadi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring