Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga olib kelingan falastinliklarga nafaqa tayinlanadi

O‘zbekistonga olib kelingan falastinliklarga nafaqa tayinlanadi

“O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra:

-O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolarga (keyingi o‘rinlarda – mehmonlarga) zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga beriladigan nafaqa tayinlanadi;

-har bir mehnat yoshidagi mehmon (I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar bundan mustasno) uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi;

-mehmonlarning har bir oilasiga yashash manzili bo‘yicha uy-joyning ijara xarajatlari qoplab beriladi;

-mehmonlarga farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa hamda dafn etish uchun nafaqa to‘lovi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan miqdorda to‘lanadi;

-mehmonlarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari to‘plami) xaridi uchun bir martalik ko‘tarma pul qo‘shimcha ravishda to‘lab beriladi;

-mehmonlarning oila a’zolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, ularning ehtiyojlari va individual talablarini ro‘yobga chiqarish maqsadida bittadan mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi. 

O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolar (keyingi o‘rinlarda – mehmonlar) yashash manzillari bo‘yicha ularning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga joylashtiriladi;

- mehmonlar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovidan 2028 yil 1 yanvariga qadar ozod etiladi;

- mehmonlarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi;

-O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 yanvardagi "2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ–12-son qarori doirasida mehmonlarning farzandlarini davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida qo‘shimcha ta’limga (kasb-hunar, axborot texnologiyalari, oliy ta’lim tashkilotlariga tayyorlash yo‘nalishida) jalb qilish hamda ularni o‘qitish xarajatlarining 100 foizi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil oxirida 100 nafar falastinlik Rafahdan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingandi. Bu shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring