Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonliklar uchun Germaniyaga ishchi viza shartlari yengillashadi

O‘zbekistonliklar uchun Germaniyaga ishchi viza shartlari yengillashadi

Samarqandda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev hamda Germaniya Federativ  Respublikasi Ichki ishlar va Vatan vaziri Nensi Fezerning muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Germaniya Federativ  Respublikasi rasmiysi uchrashuvda migratsiya masalasida bir qator yengilliklar ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan.

«Migratsiya masalasida bir qator yengilliklar ishlab chiqilmoqda. Bitim doirasida nemis ish beruvchilari uchun o‘zbekistonliklarni soddalashtirilgan tartibda ishga qabul qilishga tayyormiz», – dedi Nensi Fezer xonim.

Shuningdek, Samarqandda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Germaniyaning «Globogate Concept AG» konserni o‘rtasida ham hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Unga ko‘ra, Toshkentda «Hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi» tashkil etiladi.

Qayd etilishicha, shu vaqtgacha Germaniyada tibbiyot sohasida ishlash istagida bo‘lgan hamyurtlarimiz ushbu davlatga borgach, 6-8 oy vaqtini moslashish uchun sarflagan. Yangi loyihaga ko‘ra bunday bo‘lmaydi. O‘zbekistonning o‘zida kasb va tilga maqsadli o‘qitiladi.

«Davolash bo‘yicha Yevropadagi ikkinchi yirik Universitet klinikasi Aaxen bilan birgalikda Toshkentdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi 1-Respublika tibbiyot texnikumi bazasida nemis tibbiy-ta’lim dasturlari asosida «Hamshiralar  uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi» tashkil qilinadi. Bir yil davomida kasb va til o‘rgatiladi. Muhimi, ular diplom olish bilan bir qatorda Germaniyada ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatni ham qo‘lga kiritadi», - dedi «Globogate Concept AG» konserni bosh direktori Sang Vu Pay.

Shartnomada fuqarolar huquqlari ikki davlat qonunlari bilan himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari O‘zbekiston tomoni Germaniyaning «DB Engineering Consulting Operations Group» kompaniyasi bilan ham ayni maqsadga qaratilgan bayon imzoladi.

«Deutsche Bahn» - Germaniyaning asosiy temir yo‘l operatori bo‘lib, 100 foiz davlat ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi. Kompaniyaning umumiy aylanma kapitali 76 mlrd 303 million yevroni tashkil qiladi.

Endilikda Germaniyada transport, muhandislik sohalarida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar ushbu davlat standartlari asosida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik hamda Transport vazirliklari qoshidagi kasbiy ta’lim muassasalarida germaniyalik mutaxassislar tomonidan til va kasbga o‘rgatiladi.

«Germaniya temir yo‘l transporti, avtobus, metropoliten tizimi uchun mutaxassislarga ehtiyojimiz baland va ularni nemis standartlari asosida O‘zbekistonda o‘qitib, kasb va til imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni esa «Deutsche Bahn» tarmog‘iga ishga joylashtirishga tayyormiz»,– dedi Niko Varbanoff. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring