O‘zbekistonning olis hududlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitariya loyihasi taqdim etildi
Joriy yilning 16 oktyabr kuni Aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish Respublika «Taraqqiyot» jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda «Global Wash Initiative Fund» JTI SA bilan hamkorlikda O‘zbekistonning olis hududlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitariya loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Takashi Xatori, JTI kompaniyasi vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Taqdimot yakunida tadbir qatnashchilari Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi Soycha qishlog‘ini ichimlik suvi bilan ta’minlashni ramziy ravishda boshlab berishdi.
Ushbu loyiha doirasida 2024-2026 yillarda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarining olis hududlaridagi aholi, shu jumladan, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, mahalliy ichimlik suvi tizimlarini boshqarish va barqarorligini ta’minlash maqsadida ichimlik suvi tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ichimlik suvi, sanitariya, gigiyena ko‘nikmalarini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida qishloq aholisining bu boradagi salohiyatini oshirish uchun treninglar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida qishloqlarni tanlab olish uchun bir qancha mezonlar belgilab olingan. Xususan, qishloq aholisining soni kamida 4000 nafardan iborat bo‘lishi, aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji va loyihani amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligi, suv orqali yuqadigan kasalliklar holati ko‘pligi, muqobil ichimlik suvi manbalarining mavjudligi va hokazolar.
Loyiha doirasida yangidan qurilgan ichimlik suvi tizimlari mustaqil ravishda aholiga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, bu orqali 24 mingdan ortiq aholi, jumladan, maktablar va tibbiyot muassasalari toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi hamda sanitariya holati yaxshilanadi. Shu bilan birga, qishloq aholisining ichimlik suvi, sanitariya va gigiyena (WASH) hamda iqlim o‘zgarishining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha xabardorligi oshiriladi. Ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha mahalliy boshqaruv ta’minlanadi hamda moliyaviy shafoff hisobot tizimi, audit va monitoringi shakllantiriladi.
Loyihani amalga oshirish uchun ayni paytga qadar mahalliy hokimliklar tomonidan Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi 84 ta qishloqning texnik ma’lumotlari taqdim etilishida va loyiha mezonlari asosida qishloqlarni tanlab olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. 42 ta qishloqda boshlang‘ich o‘rganish ishlari amalga oshirildi va loyihaning 2024 yilgi rejasi uchun 2 ta qishloq tanlab olindi. Bular: Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi Soycha qishlog‘i hamda Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi Farg‘ona qishlog‘i.
Mazkur loyihani moliyalashtirayotgan JT kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Shigeaki Okamoto O‘zbekistonda olis hududlardagi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar xususida quyidagilarni ma’lum qildi:
«Men Yaponiyadan JTI Global Wash tashabbusi missiyasi bilan keldim. Besh yil oldin JTIda odamlarga ichimlik suvi yetkazib berishda ko‘maklashishni boshlaganmiz. Biz foydamizning bir qismini Farg‘ona vodiysining chekka qishloqlarida yomg‘ir suvini to‘plab ichayotgan odamlarga ichimlik suvi va sanitariya xizmatlarini yetkazib berishga sarflashga qaror qildik.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining g‘oyamizga tezkor munosabat bildirib, loyihani amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berganidan chuqur minnatdorman. Vazirlik bilan hamkorligimiz jamiyatning dolzarb muammolarini hal qilish uchun biznes va davlat resurslarini birlashtiruvchi davlat-xususiy sheriklikning namunasidir.
Uch yil davomida JTI Wash tashabbusi Farg‘ona vodiysida 30 000 ga yaqin aholi uchun samarali, uzoq muddatli suv infratuzilmasini qurish maqsadida qariyb 2 million dollar ajratmoqda. O‘zbekistonning ushbu loyiha bo‘yicha tajribasi suv tanqisligi muammosini hal etishga intilayotgan boshqa mamlakatlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Umid qilamizki, JTI Wash tashabbusi O‘zbekiston uchun foydali bo‘ladi va kompaniyamiz bilan O‘zbekiston o‘rtasida aholi uchun manfaatli bo‘lgan yanada chuqurroq va samarali hamkorlik boshlanadi», – deydi u.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter