Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning olisdagi yaqin hamkori

O‘zbekistonning olisdagi yaqin hamkori

Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri sanaladi. Berlin va Toshkentni qariyb 5000 kilometrlik masofa ajratib turadi. Ikki mamlakat jug‘rofiy jihatdan olisda ekaniga qaramay, ko‘p sohalarda yaqin robitalar o‘rnatgan. Buni birgina fakt – joriy yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev olmon o‘lkasiga ikki marta safar qilgani ham tasdiqlaydi. Quyida poyoniga yetayotgan 2023 yilda ro‘y bergan O‘zbekiston va Germaniya munosabatlariga doir eng muhim 5 hodisa eslab o‘tiladi.

I. Prezident va bosh vazir tashrifi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil may oyida Germaniyaga safari davomida federal kansler Olaf Shols hamda prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tashrif doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida 16 ta hukumatlararo va idoralararo hujjat imzolandi. Qo‘shma biznes-forum yakunida umumiy qiymati 9 milliard dollarlik savdo, investitsiyaviy va texnologik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Prezident Sh.Mirziyoyev 29 sentyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining birinchi sammitida qatnashish uchun ikkinchi marta Berlinga bordi. Sammitda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, “yashil” energetikani rivojlantirish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish istiqbollari, tabiiy resurslar va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari hamda barqaror mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.

Shuningdek, mart oyida bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Germaniyada bo‘ldi.

II. O‘n milliard dollarlik qo‘shma loyihalar

Sentyabr oyida Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti kuni bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda ma’lum qilinishicha, so‘nggi 6 yil ichida O‘zbekistonda Germaniya kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni qariyb 3 barobar o‘sdi va bu ko‘rsatkich 200 taga yetdi.

Olmoniyalik hamkorlar bilan birgalikda qiymati 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 100 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining lokomotivlari muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Berlin O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi hamda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imkon qadar tez imzolashida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.

III. Olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda birinchi davlat

Germaniya tomoni yil davomida turli loyihalar doirasida ta’lim grantlari taqdim etdi. Masalan, Germaniya Bundestagi ta’sis etgan Xalqaro parlament stipendiyasi yosh iqtidor egalariga parlament tizimi bilan nazariy va amaliy jihatdan tanishish imkoniyatini beradi.

Hanns Zaydel jamg‘armasi esa bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qishni xohlovchi talabalarga stipendiyalar taklif etadi.

Tahlillarga ko‘ra,  O‘zbekistonda Germaniyada ta’lim olish va olmon tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Ayni paytda mamlakatimizda 300 mingdan ortiq maktab o‘quvchilari, 19 ming nafar talaba olmon tilini o‘rganmoqda. 24 ta maktabda olmon tili chuqurlashtirilgan  tarzda o‘rgatilyapti. Hozirda ushbu xorijiy tilni bog‘cha, maktab va universitet bosqichlarida, uzluksiz ravishda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda.

Germaniyaning Toshkentdagi elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner O‘zbekiston olmon tilini o‘rganuvchilar soni bo‘yicha Osiyoda 1-o‘rinda ekanini mamnuniyat bilan qayd etgan.

IV.Kun tartibida – “yashil” iqtisodiyot

Germaniya turli sohalar qatorida “yashil” sanoat, ekologiya, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish kabi yo‘nalishlarda ham O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Dekabr oyida O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida 9 million yevrolik bitim imzolandi. Grant mablag‘i O‘zbekistonda “yashil” sanoatlashtirish bo‘yicha xususiy sektor salohiyatini oshirish hamda iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlashuv loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Germaniya ajratgan ko‘p million yevrolik ko‘mak vositasida Orolbo‘yi mintaqasida ham qishloqlarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, Orol dengizining qurigan tubida biologik xilma-xillikni tiklash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash kabi yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.

V. Uch hafta davom etgan tadbirlar majmuasi

Sentyabr oyi davomida O‘zbekistonda Germaniya haftaliklari o‘tkazildi. Haftaliklar davomida yurtimiz bo‘ylab ko‘cha san’ati festivalidan ovozsiz kino namoyishiga qadar, ta’lim ko‘rgazmasidan mahorat darslariga qadar, iqlim muhofazasiga doir ma’ruzadan qishloq xo‘jaligi seminariga qadar – o‘nlab yirik tadbirlar uyushtirildi. Qariyb uch hafta davom etgan tadbirlar o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring