Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning Serbiyadagi yangi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Serbiyadagi yangi elchisi tayinlandi

O‘zbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) Oybek Shaxavdinov Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Serbiya munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Serbiya tomoni O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Yevropadagi diplomatik ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qadamlarini ijobiy baholab, hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Tomonlar turli darajadagi munosabatlarni faollashtirish, hamkorlikning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va bevosita ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdorligini bildirishdi.

Sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, mehnat migratsiyasi, ta’lim va turizm kabi sohalardagi loyihalarni ilgari surishning muhimligi qayd etildi. Ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatini hisobga olgan holda, qo‘shma tashabbuslar, jumladan, xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, Oybek Shaxavdinov 2024-yilning mart oyida O‘zbekistonning Vengriyadagi birinchi elchisi etib tayinlangan edi. Keyinchalik u Xorvatiya (2024-yil noyabrdan), Chernogoriya (2024-yil noyabr) va Sloveniyada (2024-yil dekabr) elchi sifatida akkreditatsiyadan o‘tdi.

Xorijiy diplomatik lavozimlarga tayinlangunga qadar u O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi rahbari lavozimida ishlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring