Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekkonsert»: Toshkentda rep va didjeylarning Xalqaro festivali o‘tkaziladi

«O‘zbekkonsert»: Toshkentda rep va didjeylarning Xalqaro festivali o‘tkaziladi

Foto: «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi

14-may kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida rep va shu kabi yo‘nalishlarda ijod qiluvchi yoshlar bilan «Rep va shu kabi yo‘nalishlarda milliy qadriyatlar uyg‘unligi» mavzusida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda muassasa matbuot xizmati xabar berdi.

Manbalarga qaraganda RAP – bu «Rhythmical African poetry», ya’ni «Ritmli Afrika poeziyasi (she’riyati)» so‘zlarining qisqartma shakli hisoblanadi.

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan mazkur uchrashuvda rep va shu kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish, bu yo‘nalishlarda ijod qilayotgan ijodkorlar bilan samarali hamkorlik qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Chunki rep yo‘nalishida ijod qilayotgan ko‘pchilik yoshlarga nisbatan salbiy qarashlar mavjudligi, shu bois bu yo‘nalishda ijod qilayotganlar borasida turli fikrlar yuzaga kelgani ham sir emas.

Mana shu sabablarni bartaraf etish, bu yo‘nalishda tarbiyaviy ahamiyatga ega ijod namunalarini ko‘paytirish orqali, uning foydali tomonlarini ko‘rsatib berish, shuningdek, bu sohada ijod qilayotgan aksariyat yoshlar faoliyatida talabchanlik va mas’uliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usini oshirishga ham uchrashuvda ahamiyat qaratildi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, joriy yilning 16-17-18-avgust kunlari Toshkent shahrida rep va didjeylarning Xalqaro festivalini o‘tkazish belgilangan. Shu bois ushbu uchrashuv orqali «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi kelgusida rep ijrochilarini saralash, ularning ijodini baholash, master-klasslar o‘tkazish, original qo‘shiqlar yaratishlariga ko‘maklashish kabi tizimli ishlarni ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda» deyiladi xabarda.

Bundan tashqari «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda «Rep yo‘nalishi» bo‘yicha lebel, telegramm bot, instagram tarmoqlarida yangi rukn ochish va ularni yangiliklar bilan to‘ldirib borish, yaxshi ijro mahoratiga ega rep ijodkorlarini saralash hamda ular orqali Vatanni ulug‘lovchi qo‘shiqlar tayyorlash va ularga klip suratga olish, telekanallarda namoyish etish, konsert dasturlariga tavsiya etish kabi ko‘plab imkoniyatlar ham yaratiladi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring