Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zi 22 yoshdayu shogirdlari 30 nafar yoxud Amerikada onlayn savdo platformasini yaratgan vatandoshimiz haqida

O‘zi 22 yoshdayu shogirdlari 30 nafar yoxud Amerikada onlayn savdo platformasini yaratgan vatandoshimiz haqida

Yigirma ikki yosh… Kimlardir bu yoshda talaba bo‘lish orzusida. Yana kimdir endigina o‘qishni tugatib ishga joylashish tadorigida. Yana qaysidir yigit yoki qiz til o‘rganish uchun astoydil bel bog‘lagan. Yana kimdir omadi chopmay o‘qishga kirolmagani yoki ota-onasi kontrakt pulini to‘lolmagani uchun Rossiyaga ketib qanday yumush bo‘lsa-da ishlab pul topishni rejalashtirayotgandir. Chunki 22 yosh umrning endigina boshlanayotgan orzularga to‘la bir pallasi.

Bugungi suhbatdoshimiz ham 22 yoshda. 20 yoshida o‘zi pul ishlab topgan va birinchi qimmat mashinalardan biri Hyndai Elantrani sotib olgan, hatto uy olishga ulgurgan.

U 2-3 xorij davlatlarida, Amerikaning 10 dan ortiq shtatlarida bo‘lgan, Amerika & Kanada vizalariga ega. 22 yoshli qahramonimizning 30 dan ortiq shogirdi ham bor.

Ayni paytda Amerikada ham ishlab ham o‘qiyotgan suhbatdoshimiz Hojiakbar Mo‘minov asli toshkentlik. Yanada bir qiziq ma’lumot qahramonimiz O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minovning nevarasi, ya’ni kino va teatrning taniqli aktyori Tolib Mo‘minovning farzandi.

– Ta’lim va ish tajribangiz haqida aytib bersangiz.

– O‘zim orzu qilgan universitetda o‘qidim, yani Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida biznes va marketing yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olganman. O‘qishga o‘z kuchim va bilimim bilan kirganman. To‘g‘risini aytsam, bu universitetga kirishim oson bo‘lmagan, chunki deyarli hamma yaqinlarim davlat universitetiga kirishimni xohlashgan va undan tashqari kontrakt narxi ham baland edi shu paytda bizning oilamiz uchun. Lekin men o‘z qarorimda oxirigacha turganman. O‘qishga topshirganimni ham onamga aytmaganman. Chunki hammadan ham ko‘proq onam qarshi bo‘lgan kontrakti katta o‘qishga topshirishimga va chet elda o‘qishimga. Shuning uchun dadam bilan kontraktni to‘lab qaytganimdan so‘ng onamga aytganman, qaysi o‘qishga kirganimni. Lekin oradan bir yarim yil o‘tgandan keyin uydagilar mehnatimning mevasini ko‘rishni boshlashdi, ya’ni to‘liqligacha o‘zimni-o‘zim eplashni boshladim, kontraktlarimni o‘zim to‘ladim. Umuman, bu universitetda o‘qish mening hayotimni butkul o‘zgartirdi – millioner-multimillioner bilan shu yerda tanishdim.

Covid-19 sabab, karantin paytlarida marketing va dijital marketing sohasiga qiziqib qolganman va bu hayotimni butkul o‘zgartirib yubordi. Haligacha esimda, karantin paytida instagram orqali daromad qilayotgan bir-necha tengdoshlarimni kuzatardim va havas qilardim, qanaqasiga bular internet orqali shunaqa katta pul topish mumkin deb. Va ularning biridan uydagilarga aytmasdan (chunki qarshi bo‘lishardi nimalar sotib olayapsan deb) yig‘ib qo‘ygan pulimdan kursini sotib olganman va dijital marketing sohasiga qiziqishim shundan boshlangan. Keyinchalik shu soha ortidan tajriba orttirib, portfolio qilib, bir muddat o‘tgandan keyin O‘zbekistondagi eng katta kompaniyalar va shaxslar bilan ishlashni boshladim. Umumiy hisobda 30-35 dan ortiq loyihalar bilan ishlaganman. Yuzdan ortiq odamlarga shu soham buyicha masterklasslar va tajriba ulashganman, o‘ttizdan ortiq shogird chiqazganman.

Universitetdagi o‘qish davomida, biznes va marketing sohalariga bo‘lgan qiziqishim yanada kuchaydi. Keyinchalik, AQShga Work & Travel dasturi orqali borib, u yerda ishlab, muvaffaqiyatli ish tajribasini orttirdim. Amerikadagi faoliyatimdan so‘ng, o‘qishimni davom ettirishga qaror qildim va hozirda AQShdagi Sinclair Community College’da raqamli marketing bo‘yicha tahsil olyapman.           

– Va loyihalaringiz…

– Hozirgi vaqtda men raqamli marketing (dijital marketing) va targeting (ijtimoiy tarmoqlardagi reklama) sohalarida 5 yildan ortiq tajribaga egaman. O‘zbekistonda bir necha kompaniyalarda raqamli marketing yo‘nalishida ishlaganman. Xususan, MFaktor loyihasida asosan sotuv bo‘limida ishlab, keyinchalik loyihada lidogeneratsiya bilan yordam berganman. Shuningdek, boshqa ko‘plab kompaniyalarda ham raqamli marketing yo‘nalishida faoliyat olib borganman.

– KHM.app startapi haqida batafsilroq...

– Men va sherigim Muhammad Yusuf Abdurahimov bilan talabaligimizda KHM.app loyihasini ishlab chiqdik. Bu startapni yaratishdan asosiy maqsadimiz – AQShdagi o‘zbek yurtdoshlarimiz uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, onlayn savdo platformasini tashkil etish edi. Shu bilan birga, loyihamiz nafaqat o‘zbek vatandoshlarimizga, balki butun MDH davlatlaridan kelgan muhojirlarga ham mo‘ljallangan. KHM.app platformasi uch tilda (o‘zbek, rus, ingliz) faoliyat ko‘rsatadi, shu bois, har bir foydalanuvchi o‘ziga qulay tilni tanlab, platforma xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Bu loyihani yaratganimizdan keyin yarim yil ichida juda sezilarni darajadagi natijalarga erishganmiz, hattoki shu startapimiz uchun kompaniya ham registratsiya kilganmiz (KHM GROUP INC). KHM.app platformasi OLX.uz.ning AQShdagi analogidir, u orqali yurtdoshlarimiz o‘zlari uchun qulay bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni xarid qilishi yoki sotishi mumkin. Bundan tashqari, AQShdagi o‘zbek aholisining soni ortib borayotganini hisobga olsak, bu kabi platformaga talab ham oshmoqda. Loyihamizga AQShdagi va O‘zbekistondagi investorlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda va ularning sarmoyalari asosida loyihani yanada rivojlantirish ustida ishlayapmiz.

– Menimcha, siz faqat ushbu loyiha bilan cheklanmagansiz...

– Hozirda menga AQShda raqamli marketing va targeting bo‘yicha maslahat va yordam so‘rab murojaat qiladigan o‘zbekistonlik va amerikalik shaxslarga beg‘araz ushbu sohada maslahatlar beraman. Asosiy maqsadim – ularning bizneslarini yangi, yanada foydali darajaga olib chiqish va rivojlanishiga hissa qo‘shish. Shu bilan birga, o‘z soham bo‘yicha tajribamni yanada oshirish va yangi bilimlar olishga doimo intilaman.

– Amerika yoshlari bilan o‘zbek yoshlari o‘rtasidagi farq.

– Amerika va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi madaniy va ijtimoiy farqlar sezilarli. Amerika yoshlari mustaqillikka intilgan, amaliy tajriba orttirishga moyil bo‘lishadi. O‘zbekiston yoshlari esa oilaviy qadriyatlarga katta ahamiyat beradi va nazariy ta’limga ko‘proq e’tibor qaratadi.

– Kelajakdagi rejalaringiz.

– Kelajakda bu sohada xalqaro miqyosda faoliyat olib borishni maqsad qilganman. Amerika va Yevropa bozorlariga chiqishni rejalashtirganman va bu yo‘lda ilk qadamlar allaqachon tashlangan.

– Tengdoshlaringizga aytmoqchi bo‘lganlaringiz.

– Avvalo har bir ishni boshlash uchun istak kuchli bo‘lishi kerak. Har bir sohada biz yoshlar uchun juda katta imkoniyatlar bor. Va har bir davlatda yaxshi mutaxassisga ehtiyoj bor. Keyin har bir maqsadga erishishda rejali ravishda pul yig‘ish va uni to‘g‘ri yo‘naltirish muhimdir. Bu muvaffaqiyatli ish faoliyatining asosiy omillaridan biri. 

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring