Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zmilliybank va Xitoyning Eksim banki strategik hamkorlikning yangi bosqichiga chiqmoqda

O‘zmilliybank va Xitoyning Eksim banki strategik hamkorlikning yangi bosqichiga chiqmoqda

«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ (O‘zmilliybank) Bosh ofisida Xitoy Eksport-import bankining (Xitoy Eksimbanki) 2025 yil fevral oyida lavozimiga tayinlangan Direktorlar kengashining raisi Chen Xuayuy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida tomonlarning 20 yillik hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, uning doirasida O‘zbekistonda O‘zmilliybank tomonidan Xitoy Eksimbanki ko‘magida qator muhim infratuzilmaviy va ijtimoiy loyihalar amalga oshirilgani qayd etildi. Jalb qilingan kredit resurslarining umumiy hajmi 1,7 milliard AQSh dollardan oshdi. Moliyalashtirish iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari – energetika, transport, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirish, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

O‘zmilliybank va Eksimbank o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ikki davlat rahbarlarining shaxsiy e’tibori tufayli O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilgan har tomonlama strategik sheriklik munosabatlariga muvofiq rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik sezilarli darajada o‘sdi. O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 3500 dan ortiq korxona ro‘yxatga olingan. 2024 yil yakuniga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard AQSh dollardan oshdi, Xitoy kompaniyalari ishtirokidagi investitsiyalar umumiy portfeli esa 60 milliard AQSh dollarga yetdi. 2024 yilda Xitoydan 10 milliard AQSh dollardan ortiq sarmoya o‘zlashtirildi, 2025 yilda esa bu ko‘rsatkichni 15 milliard AQSh dollardan oshirish rejalashtirilgan.

Tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga chiqarishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Milliy valyutalarda o‘zaro hisob-kitoblarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada 2023 yil may oyida Sian shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo-Xitoy» birinchi sammiti doirasida imzolangan 2 milliard yuan miqdoridagi kredit liniyasi muvaffaqiyatli o‘zlashtirilgani yuksak baholandi.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayta tiklanadigan energetika, metallurgiya, transport infratuzilmasi, turizm, aeroportlarni modernizatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish sohasidagi loyihalar ko‘rsatib o‘tildi. Xitoy Eksimbanki yuandagi moliyaviy vositalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi hamda ustuvor investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytiruvchi va milliy valyutadagi hisob-kitoblar barqarorligini mustahkamlovchi yangi kredit liniyasini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.

Xitoy Eksimbanki bilan erishilgan yangi kelishuvlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro moliya institutlaridan umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik kredit liniyalarini jalb qilish bo‘yicha topshiriqlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: Xitoy Eksimbanki mamlakatning siyosiy moliyaviy instituti hisoblanadi. 2024 yil yakuniga ko‘ra, Eximbankning jami aktivlari 886 milliard AQSh dollarini, o‘z kapitali 54 milliard AQSh dollarini, sof foydasi esa 400 million AQSh dollarini tashkil qildi. Bank xalqaro loyihalarni moliyalashtirishda faol ishtirok etib, Xitoyning boshqa davlatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring