«O‘zmilliybank» AJ: Namangan – biznes uchun katta maydon
Namangan respublikamiz hududlari orasida iqtisodiy strukturasi rivojlanayotgan viloyat sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Aholi gavjum, tabiatan mo‘’tadil iqlimga ega viloyatda so‘nggi yillarda iqtisodiy tarmoqlar: tadbirkorlik va kichik biznes, ishlab chiqarish hamda sanoatning turli jabhalari taraqqiy etmoqda.
«O‘zmilliybank»AJ Matbuot xizmati tashabbusi bilan Namangan viloyati bo‘ylab tashkil etilgan Press-turda mazkur moliya muassasasi hamkorligida kengayib borayotgan hamda yangi ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati o‘rganildi.
Ta’kidlash joiz, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish — iqtisodiy jabhadagi islohotlar va ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar ko‘lami bilan bevosita bog‘liq. Viloyatda xorijiy investitsiyalarni jalb etish barobarida, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash jadal o‘zlashtirilib, kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushini tobora ko‘paytirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bunda yirik ishlab chiqaruvchilar va kichik biznes sub’yektlarining istiqbolli loyihalari davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ijrosi uchun zarur shart-sharoit yaratib berilishi ulkan samara bermoqda.
Xususan, «IDEAL TEKSTIL ORZU» MChJ ga qarashli korxonasi hududdagi yirik tekstil fabrikalaridan biri hisoblanadi. Korxonada mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltirilgan bo‘lib, MDH hamda Italiya, Germaniya davlatlariga buyurtma asosida mahsulot jo‘natadi.
Mavsumga xos tekstil mahsulotlar ishlab chiqaradigan sexda ayni paytda 300 ga yaqin ish o‘rni mavjud.
-Korxonamiz faoliyatini 2018 yilda boshlagan. O‘zmilliybank bilan hamkorlik esa 2024 yilning boshida start oldi, -deydi ish yurituvchi Abdulaziz Hasanov.- Biz bankdan 781 ming AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit oldik. Natijada xorijga 200 ming AQSh dollari miqdorida mahsulotlarni eksport qildik. Ichki bozorga esa 2 mlrd. so‘mdan ortiq mahsulotlarni chiqardik.
Tekstil fabrikasida asosan buyurtma asosida mahsulot tayyorlanadi. Bolalar, kattalar uchun mo‘ljallangan mavsumga mos kiyimlardan tashqari, turli tashkilotlarning maxsus ish formalari ham aynan shu tekstil korxonasi xodimlarining mehnati mahsulidir.
- Bu sexga ishga kirganimga hali ko‘p bo‘lmadi, - deydi Oygul Bahromova. - Ammo shu qisqa vaqt davomida jamoamiz ikkinchi oilamga aylanib ulgurdi. Bu yerda ish rejimi, xodimlar uchun sharoit, marshrut xizmati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois ishimiz unumli va buyurtmalarni o‘z vaqtida bajaramiz.
Korxonaning tikuv bo‘limi, asosan, xotin-qizlardan iborat. Mahsulotlarni andozaga tayyorlash, bichish va dazmollash qismida esa yosh mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi.
- Bugun tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishda nafaqat xorij, shuningdek, mahalliy bozorda ham raqobat kuchli. Bunda eng katta yutuq sifat hisoblanadi. Shu bois jarayonda ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish hamda bozorda o‘z o‘rnimizni mustahkamlash maqsadida uskuna va texnikalarimizni yangilab, takomillpaashtirib boramiz. Xususan, bu borada Xitoy hamda Germaniya texnologiyalaridan foydalanamiz, - deydi biz bilan suhbatda Abdulaziz Hasanov.
Press-turning keyingi lokatsiyasi jamoat transportida yo‘lovchi tashish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik sub’yektida davom etdi. Tadbirkor O‘zmilliybankdan «Brutto shartnomasi» asosida 30 ta avtobus uchun 31,5 mlrd so‘mlik kredit olgan. Umumiy loyiha qiymati esa 45, 1 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur muassasasada yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan 150 ta avtobus mavjud bo‘lib, 6 yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi.
- Yangi avtobuslarimiz ishga tushgunga qadar 4 yo‘nalishda faoliyat yuritardik, endi avtobuslarimizning yo‘nalishi 6 taga yetdi, - deydi MChJ ish boshqaruvchisi Ma’rufjon Sirojiddinov. - Ishchilarimiz soni esa 70 taga ko‘paydi. Chunki har bir avtobus uchun kuniga 2 ta haydovchi smena asosida yo‘nalishga chiqadi. Haydovchilarimiz uchun yangi avtobusning afzalligi salonning kengligi, o‘rindiqlarning ko‘pligi hamda transport boshqaruvining zamonaviy ekanligidir.
Yo‘nalishga chiqqan avtobuslar yo‘lovchilar uchun ham juda qulay. Har qanday mavsum uchun sovutish va isitish moslamalarining mavjudligi, o‘rindiq va tutqichlarning yetarliligi hamda imkoniyati cheklanganlar uchun ham maxsus panduslar borligi jamoat transporti xizmatida yangicha imidj yaratmoqda.
Press-tur ishtirokchilari «O‘zmilliybank»AJning moliyaviy ko‘magidan foydalanib kelayotgan mijozlari bilan tanishuvning birinchi kunidagi manzillar shulardan iborat bo‘ldi. Press-turning ikkinchi kuni dasturidan viloyatdagi zargarlik yo‘nalishidagi loyihalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati hamda BXMda yo‘lga qo‘yilgan yangi xizmatlar o‘rin olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter