Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «Diplomat international school» xususiy maktabiga press-tur tashkil etildi

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «Diplomat international school» xususiy maktabiga press-tur tashkil etildi

Joriy yilning 27 sentyabr kuni O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Diplomat international school» xususiy maktabiga press-tur tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari yangi ta’lim maskanining o‘ziga xos jihatlari bilan tanishtirildi.

Prezidentimizning 2018 yil 5 sentyabrdagi «Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish hamda davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tadbirkorlik sub’yektlariga qator imtiyozlar berildi.

Bu yurtimizda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha nodavlat sektor salmog‘ining kengayishiga omil bo‘lmoqda.

O‘zsanoatqurilishbank tizimida xususiy maktablarni barpo etishga qaratilgan loyihalarning tobora ko‘payib borayotgani bunga yaqqol misoldir.

Press-tur davomida jurnalistlar «Diplomat international school» xususiy maktabida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim-tarbiya hamda qo‘shimcha mashg‘ulot jarayonlari bilan tanishtirildi.

Qayd etilishicha, 2018 yilda faoliyat boshlagan ushbu nodavlat ta’lim muassasasi dastlab 500 o‘ringa mo‘ljallangan. Bank ko‘magida o‘z faoliyatini kengaytirgach, 2022-2023 o‘quv yilidan 900dan ziyod o‘quvchini qabul qilishga erishdi.

Xususiy maktabda fan va to‘garak xonalari hamda sport zallari zamonaviy o‘quv va laboratoriya jihozlari bilan jihozlangan.

Maktabda ingliz tili, fizika va matematika fanlari chuqur o‘rgatiladi, 10-11 sinf o‘quvchilari uchun tanlov fanlari (variativ ta’lim tizimi) ham joriy qilingan. Joriy yilda mazkur tizim bo‘yicha o‘qitilgan o‘quvchilarning barchasi mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilingan.

– Xalqimiz doimo farzandlari kamolini ko‘rish ilinjida yashaydi va shunga intiladi, – deydi «Diplomat international school» MChJ rahbari Hilola Saydamenova. – Maqsadimizni ota-onalarning ana shu istagidan kelib chiqib rivojlantirib borayapmiz. Ta’lim jarayoni turli sinalgan ilg‘or metodlardan foydalanilgan holda o‘tilishini ta’minlayapmiz. Shuning uchun qisqa vaqtda o‘quvchilarimiz tuman, shahar va xalqaro olimpiadalarga chiqdi.

Maktabda, shuningdek, sport turlaridan shaxmat, gimnastika, futbol, voleybol klublari, ijodiy yo‘nalishda esa, art-studiya, musiqa, xoreografiya, aktyorlik mahorati kabi guruhlar tashkil etilgan.

Ingliz tilidan o‘quvchilarning so‘zlashuv mahoratini rivojlantirishga qaratilgan to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring