Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zXDP hukumat qaroriga e’tiroz bildirdi

O‘zXDP hukumat qaroriga e’tiroz bildirdi

Joriy yil 1-oktyabrdan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi yuz minglab yoshlarni daromad manbaisiz va ishsiz qoldirishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi (O‘zXDP) bayonotida so‘z boradi.

Bir necha kun oldin Ichki ishlar vazirligi mamlakatdagi moped va skuter haydovchilari joriy yil  1-oktyabrga qadar haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, mazkur turdagi transport vositalari esa davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim ekani, ushbu talabni bajarmaganlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishidan ogohlantirgan edi.

Avval xabar berganimizdek, ijtimoiy tarmoq faollari bir necha omillarga ko‘ra moped va skuterni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi va davlat raqami olish talabini tanqidiy baholamoqda.

O‘zXDP ham hukumatning bu qaroriga e’tiroz bildirgan.

“Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, hozir 130 ming nafarga yaqin yoshlar kurerlik xizmati bilan band. Bu faqat velosiped, moped va skuterlar orqali xizmat ko‘rsatayotgan fuqarolardir. Kambag‘allikni qisqartirish, bitta barqaror ish o‘rni yaratish uchun ko‘plab choralar ko‘rilayotgan hozirgi muhim davrda o‘zini o‘zi band qilgan, xalqimizga xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizdan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilinayotgan vaqt, albatta, qisqa hisoblanadi. To‘g‘ri, bu borada hukumat tomonidan muddatlar uzaytirilgan, biroq talabgorlarning juda ham ko‘p bo‘lgan miqdorini inobatga olib, bu davrda hujjat talab qilish maqsadga muvofiqligini yana bir bor o‘ylab ko‘rish lozim. Boisi, mazkur sohada xizmat qilayotgan ko‘plab fuqarolar boqimandalik kayfiyatiga berilmasdan, kimdandir yordam kutmasdan, daromad topishga, moliyaviy muammolarini o‘zi hal qilishga intilmoqda”, – deyiladi bayonotda.

XDPga ko‘ra, “O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimli kurashayotgan, o‘zini o‘zi band qilganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgan bir davrda asl maqsadi oilasiga, jamiyatga xizmat qilish bo‘lgan hamyurtlarimizni murakkab vaziyatga tushirishdan yiroq bo‘lish” lozim.

“Shu bois joriy yilning 1 oktyabridan moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi muddatini keyingi yilga qoldirgan holda, haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish uchun muddatlar va to‘lovlar miqdorini qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblaymiz. Ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati juda yuqori bo‘lgan masala bo‘yicha davlatimiz siyosatiga munosib yechim topilishini so‘raymiz va bu borada tegishli tartibda deputatlik so‘rovini kiritamiz”, – deyiladi partiya rasmiy munosabatida.

Ma’lumot o‘rnida: moped va skuter haydovchilarining “A” toifadagi guvohnoma olishi talabi 2025-yil 1-martdan joriy etilishi rejalashtirilgan, keyinroq hukumat qarori bilan mazkur muddat 1-oktyabrga qadar uzaytirilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan foydalanishda bo‘lgan moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida 2025-yil 30-sentyabrga qadar amal qiladigan vaqtinchalik nizom tasdiqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama etilayotgan va e’tirozga sabab bo‘lgan talab borasida hozircha Vazirlar Mahkamasi ham, Ichki ishlar vazirligi ham munosabat bildirganicha yo‘q.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring