Papa Fransisk bilan xayrlashuv: Dafn marosimida 200 ming kishi qatnashdi

Bugun, 26-aprel kuni Vatikandagi Avliyo Pyotr maydonida Papa Fransiskning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim boshlanishidan avval maydonda taxminan 200 ming kishi Papa Fransisk bilan xayrlashish uchun yig‘ildi.
Marosimda dunyo yetakchilari va minglab ibodatchilar ishtirok etdi. Ularning orasida AQSh prezidenti Donald Tramp, sobiq prezident Jo Bayden, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va boshqa ko‘plab nufuzli shaxslar ham bor edi.
Papa Fransisk hayoti davomida oddiylikni qadrlagani sabab, uning dafn marosimi ham kamtarona o‘tkazildi. Papa uchun maxsus qilib tayyorlangan oddiy yog‘och tobut latun bilan mustahkamlangan bo‘lib, u Vatikandagi Sant Petrus maydonidagi ibodat marosimi davomida minglab odamlar ishtirokida ko‘tarildi.
Marosim yakunida lotin tilida qo‘shiq yangradi: «Farishtalar seni jannatga boshlasinlar; shahidlar seni qarshi olsinlar va muqaddas shaharga yetkazsinlar».
Marosimdan so‘ng Papa Fransiskning tobuti uning sevimli ibodatgohlaridan biri — Rimdagi «Santa Mariya Majore» ibodatxonasiga olib o‘tildi.
Shuningdek, dafn marosimida mahbuslar va muhojirlar ham ishtirok etdi. Bu Papa Fransiskning butun faoliyati davomida muhtojlarga bo‘lgan alohida e’tiborini yana bir bor namoyon etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter