Pavel Durov Parijda hibsga olinishi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi
Telegram messenjeri asoschisi va rahbari Pavel Durov o‘tgan oyning 25-sanasida Parij aeroportida hibsga olingan va unga nisbatan 12 moddadan iborat ayblov qo‘yilgan edi.
Keyinroq Durov garov evaziga qo‘yib yuborilgan.
Messenjer egasi o‘zining rasmiy kanalida ilk marta Fransiyada hibsga olingani yuzasidan rasmiy munosabatini bildirdi.
«Men Parijga kelganimdan keyin 4 kun davomida politsiya so‘roq qildi. Fransiya rasmiylari Telegram’dan boshqalarning noqonuniy foydalangani uchun shaxsan javobgar bo‘lishim mumkinligini aytishdi», – deydi bundan hayratlanganini qo‘shimcha qilarkan Pavel Durov.
«Telegram’ning Yevropa Ittifoqida rasmiy vakili bor, u Yevropa Ittifoqi so‘rovlarini qabul qiladi va ularga javob beradi. Uning elektron pochta manzili har bir kishi uchun ochiq edi.
Fransiya hukumati men bilan bog‘lanish va yordam so‘rashning ko‘p usullariga ham ega edi. Fransiya fuqarosi sifatida men Dubaydagi konsullikka tez-tez borib turar edim. Bir muncha vaqt oldin, mendan so‘ralganda, men ularga Fransiyada terrorizm tahdidiga qarshi kurashish uchun Telegram maxsus platformasini yaratishda shaxsan yordam berganman.
Agar mamlakat Internet xizmatidan norozi bo‘lsa, odatda, xizmatning o‘ziga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi. Bosh direktorni u boshqarayotgan platformada uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ayblash uchun smartfon yaratilishidan oldingi qonunlardan foydalanish noto‘g‘ri yondashuv», – deb yozadi u.
Durov, shu bilan birga, Telegram foydalanuvchilari soni 950 millionga yetgani, obunachilarning ko‘payishi esa o‘z-o‘zidan jinoyatchilarning platformadan suiiste’mol qilishi holatlarini ko‘paytirganini, kelgusida esa bu kabi holatlarning oldini olishni maqsad qilganini ta’kidlaydi.
«Umid qilamanki, avgust voqealari Telegram va umuman ijtimoiy media sohasini xavfsizroq va kuchliroq qiladi», – deydi Pavel Durov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter