Pedagoglar va iqtidorli o‘quvchilarni dam olish maskanlariga qabul qilish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, maskanlarga yo‘llanmalar yil davomida berilib, u yerda dam olish 12 kunlik kun tartibi asosida amala oshiriladi.
Dam olish har yili quyidagi muddatlarda tashkil etiladi:
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (Vazirlik) tizimi xodimlari va ilg‘or pedagoglar uchun — sentyabr-may oylarida;
- iqtidorli o‘quvchilar uchun — iyun-avgust oylarida.
Har bir hududda maskanlarga dam oluvchilarni saralash uchun komissiyalar tashkil etiladi.
Komissiyalar tomonidan maskanlarga 7-14 yoshli iqtidorli o‘quvchilar belgilangan mezonlar asosida tanlab olinadi.
Shuningdek, dam olish maskaniga quyidagi ilg‘or pedagoglar tanlab olinadi:
- xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
- o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
- xorijiy til va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar;
- asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
- respublika bosqichidagi ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;
- oliy va 1-malaka toifasiga ega boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari;
- asosiy olimpiadalarning viloyat bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar.
Belgilangan mezonlar bo‘yicha dam oluvchilarga ketma-ketlik asosida yo‘llanmalar beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter