Pedagoglarga ayrim imtiyozlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi
Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda «Pedagog maqomi to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, pedagoglar mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganida davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi. Ularni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Shuningdek, ilk bor kasbiy faoliyat boshlayotgan shaxsga bir o‘quv yili davriga o‘qituvchi-murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagog xodimni biriktiriladi. Davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkaziladi.
Qolaversa, pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanadi hamda 56 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til beriladi.
Muhokamalar davomida deputatlar ushbu qonunning bugungi kundagi zarurati va ahamiyatini e’tiborga olib, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish, maromiga yetkazish bo‘yicha bir qator takliflar berdi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasining bugungi kundagi zaruratini hisobga olinib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter