Pentagon rasmiysi: AQShda Venesuela bo‘yicha reja bor
AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduro lavozimidan ketgan taqdirda maxsus reja ustida ishlamoqda. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Kingsli Uilson jurnalistlarga ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Urush departamenti (Pentagon) har qanday vaziyat uchun rejaga ega.
"Biz rejalashtiruvchi tashkilotmiz. Agar dunyoning istalgan nuqtasida biron bir voqea sodir bo‘lsa, bizda allaqachon javob rejasi ishlab chiqilgan bo‘ladi va choralar ko‘riladi", dedi Uilson Maduro iste’foga chiqqan taqdirda Pentagonning Venesueladagi roli haqidagi savolga javob berib. Rasmiy AQShning ushbu rejasi bo‘yicha tafsilotlarga izoh bermagan. Eslatib o‘tamiz, AQSh Venesuelada Maduroga qarshi bo‘lgan muxolifatni qo‘llab keladi.
O‘tgan hafta CNN telekanalining xabar berishicha, Venesuela prezidenti AQSh vakillari bilan norasmiy muzokaralar chog‘ida iste’foga chiqishga tayyorligini, lekin kamida 18 oydan keyin bu ishni amalga oshirishini aytgan.
30 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Maduro iste’foga chiqmasa, keskin chora ko‘rishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Tramp avvalroq Venesuela va uning atrofidagi hududlar ustidagi havo hududi yopilishini e’lon qilgan edi. Bu xabar Amerika harbiylari Karib havzasida faollashgan paytda e’lon qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter