Pentagon Ukrainaga Tomahawk raketalarini berishni ma’qulladi
Pentagon Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan Tomahawk qanotli raketalarini yetkazib berishga ruxsat berdi. Bu haqda CNN Amerika va Yevropa rasmiylariga asoslanib xabar berdi.
Kanalga ko‘ra, Urush vazirligi raketalarni Ukrainaga topshirish AQSh mudofaa zaxiralariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini aniqladi, ammo yakuniy qaror AQSh prezidenti Donald Trampga bog‘liq.
Manbaga ko‘ra, AQSh ma’muriyatining bu masala bo‘yicha pozitsiyasi bir necha bor o‘zgargan. Nashrning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Tramp ilgari Vashingtonda yetarli raketa borligini da’vo qilganiga qaramay, raketalarni yetkazib bermaslikni afzal ko‘rishini aytdi. Maqolada Pentagonning bahosi bilan tanish bo‘lgan yevropalik ittifoqchilar Qo‘shma Shtatlar endi Kiyevni rad etish uchun kamroq sabablarga ega deb hisoblashlari ta’kidlangan.
CNNʼning ta’kidlashicha, qaror texnik muammolar tufayli murakkablashmoqda: bu raketalar an’anaviy ravishda dengiz platformalaridan uchiriladi, Ukraina dengiz floti esa sezilarli darajada zaiflashgan. Kanal manbalariga ko‘ra, AQSh dengiz piyodalari korpusi va armiyasi tomonidan ishlab chiqilgan yer uchirish moslamalari mumkin bo‘lgan yechim bo‘lishi mumkin.
Telekanal xabar berishicha, Pentagon shuningdek, Ukraina qo‘shinlarini o‘qitish va raketalarni joylashtirishni ham o‘rganmoqda.
Tomahawk raketalari so‘nggi paytlarda eng ko‘p muhokama qilingan qurollardan bo‘lib qolmoqda. Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, raketa urushga katta ta’sir ko‘rsatishi va Putinni muzokaraga majburlashi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter