Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Piyodalarga berilgan yashil shahar – «Dunyo sadolari» festivaliga bir nazar

Piyodalarga berilgan yashil shahar – «Dunyo sadolari» festivaliga bir nazar

Xonobod shahriga kirib kelsangiz e’tiboringizni tortgan birinchi narsa yashillik bo‘ladi. Qayerga qaramang, daraxtzor, salqin joylar. Bir paytlar Toshkent ham shunaqa bo‘lardi.

Tabiatni yaxshi ko‘ruvchi odam uchun haqiqiy «Susambil» shu yerda. Shahar ko‘chalari, xiyobonlarini sayr qilsangiz bahri-dilingiz ochiladi. Oxirgi kunlarda ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Dunyo sadolari» xalqaro milliy estrada san’ati festivali aynan shu yerda bo‘lib o‘tmoqda.

Ta’kidlash lozim, festivalga ancha jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan. Eng yaxshi tashabbuslardan biri esa shubhasiz shahar to‘lig‘icha piyodalarga berilgani bo‘ldi. Tashkilotchilar qaroriga ko‘ra Xonobodga kirish barcha avtomobillar uchun yopilgan bo‘lib xoh davlat mashinasi bo‘lsin, xoh shaxsiy, vallomati bo‘lmaydimi, shahar tashqarisida qoladi. Ichkariga faqat piyoda kirishga ruxsat bor. Maxsus xizmatlarga tegishli (tez yordam, o‘t o‘chirish, huquq-tartibot) avtomobillargina bundan mustasno. Taksiga ehtiyoj sezgan yurtdoshlar uchun esa festival logotipi tushirilgan avtomobillar xizmat qilib turibdi.

Shu sababga ko‘ra ham shahar boshqacha fayz olgan. Ko‘chalarni to‘ldirib yurgan odamlarni ko‘rib ko‘z quvonadi. Vikipediyaning guvohlik berishicha Xonobodda 42 301 nafar odam istiqomat qilarkan, ammo ko‘chadagi izdihomni ko‘rib butun viloyat shu yerga ko‘chib kelgan, deb o‘ylaysiz.

Yana bir jihatni ham aytib qo‘yaylik, Xonobod shahar hokimligi binosi hech qanaqa panjara bilan o‘ralmagan ekan. Fuqarolar bemalol hokimlik binosi atrofida sayr qilib yurishibdi, hech kimga halal berishmayapti. Tabiiyki bino atrofi ham quyuq daraxtzor...


Kecha festivalning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Doimiy, odatdagi dastur haqida indamay turamiz, ammo mashhur Boney M guruhining chiqishi haqiqatan ham kecha bezagiga aylandi. Bejizga vaqtida dunyoni egallamagan bu guruh.

Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etilgan festival yana ikki kun davom etadi. Unda bir necha davlatlardan kelgan 30 dan ortiq ishtirokchilar chiqishi kutilmoqda.

Xabar.uz axborot-tahliliy portali tadbir va uning atrofidagi hodisalarni kuzatishda davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring