Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Po‘lat oyoqli odam yoxud janglarda sinmagan iroda (video)

Po‘lat oyoqli odam yoxud janglarda sinmagan iroda (video)

Afg‘on urushi qatnashchisi, 2-guruh nogironi Ermuhammad Tojiboyev Andijon tumani Zavroq qishlog‘ida tug‘ilgan. 18 yoshida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan. Bir yildan so‘ng sovet-afg‘on armiyasidan iborat birlashgan kuchlar safida mujohidlarga qarshi jang qilish uchun Afg‘oniston Demokratik Respublikasiga yuborilgan. Shiddatli janglarda bir oyog‘idan ayrilgan.

Qo‘rqinchli tush: Qunduzdagi operatsiya

Dushman ularni uch tomondan qurshab olgan. Ermuhammad okop vazifasini o‘tayotgan suvsiz ariqqa qarab yuguryapti. «Bum-m-m-m!». Atrofni chang-to‘zon qopladi. Qulog‘i tom bitib qolgan Ermuhammad bir zum nima bo‘lganini anglayolmay o‘tiraverdi. Biroz o‘ziga kelgach, ust-boshini changdan qoqa boshladi. Hayriyat, tirik ekan. Safdoshlari aytgandi: «yaralanganingda og‘riq darrov bilinmaydi», deb. Demak, yaralanibdi. Faqat hech narsani idrok qilolmayapti. «Hechqisi yo‘q, tibbiy punktga borib olsam, yaralarimni davolashadi», o‘yladi Ermuhammad. Baribir, nimadir g‘alati... Ermuhammad butun badanini paypaslay boshladi. O‘ng shimi o‘qdan ilma-teshik bo‘pketibdi. Chap oyog‘i esa... «Granatomyotdan o‘qqa tutishibdi», deb o‘ylagan Ermuhammad, minani bosib olgani va bir oyog‘idan ajralganini endi angladi. Angladiyu, hushini yo‘qotdi.

Uning hayotini o‘zgartirib yuborgan, orzularini chilparchin qilgan o‘sha mash’um kun tez-tez tushlariga kirib turadi. Uzoq muddatli davolash kurslaridan so‘ng jang xotiralari har tugul bezovta qilmay qo‘ygan edi. Kecha quroldosh do‘stlaridan yana biri bu olamni tark etdi. Fotihadan kelganidan buyon Ermuhammad hud-behud, kechasi bilan uxlolmay, aloq-chaloq tushlar ko‘rib chiqdi. Go‘yoki barchasi yana qaytadan boshlanganday...

– 1983 yil may oyida harbiy xizmatga jo‘naganman. Ammo, Afg‘onistonda xizmat qilishimni bilmasdim. 6 oy Toshkentda mashg‘ulotlarda bo‘ldik, so‘ng 250 nafar harbiy xizmatga chaqiriluvchilar qatori Afg‘onistonning Qunduz viloyatiga yuborildim, – deya hikoya qiladi E.Tojiboyev. – Artilleriyachi bo‘lganim uchun, hamisha oldingi saflarda edim. Biron kun otishmasiz o‘tmagan ekan, eslasam. Kechayu kunduz, hatto kerak bo‘lsa, uyqumda ham otishim kerak edi. Har safar jangga kirayotib, «bu gal aniq qaytib kelmayman!», – deb o‘ylardim.

Muddatli harbiy muddat yakuniga yetib qolgan. Demobilizatsiya uchun hujjatlar allaqachon tayyor va u vatanga qaytishni orziqib kutmoqda edi. Kutilmaganda, demobilizatsiya biroz ortga surildi: hududni boshqarayotgan dushman guruhini yo‘q qilish haqida yangi buyruq olindi.

O‘shanda ham may oyi edi. Kunduzi bilan bo‘lgan otishma biroz tingan. Endigina o‘z pozitsiyalariga qaytayotgan askarlar ayovsiz o‘qqa tutildi. Qochishdan boshqa chora yo‘q edi. Ammo, atrof minalanganini hech kim bilmasdi... Ermuhammad gospitalda ko‘zlarini ochdi. Chap oyog‘i yo‘q, o‘ng oyog‘i esa o‘q parchalari bilan qoplangan.

Ermuhammad ko‘p operatsiyalarni boshidan o‘tkazdi.Oyoq amputatsiyasi, ko‘plab o‘q parchalari va nerv tomirlarini olib tashlash... Yana 6 oy Toshkentdagi harbiylar gospitalida davolash muolajalari oldi. Va 1985 yil kech kuzda, 2,5 yildan so‘ng Andijondagi o‘z uyiga yetib keldi. Qo‘ltiqtayoqlarda!!!

 Hayotga qaytish

Vafosiz muhabbat, atrofdagi gap-so‘zlar, achinib qarashlar, o‘zingni keraksiz buyumday his qilish, hech ishga yaramaslik... Barchasi yigitni yeb bitirdi, ruhan sindirdi, deb aytishimni kutdingizmi? Yo‘q! Inson irodasi po‘latdan ham mustahkam ekan. Sport uning dardlariga malham bo‘ldi,oyoqqa turg‘azdi, chiniqtirdi, hayotga qo‘shdi. Bu yo‘lda ko‘p mashaqqatlarni, ibrat bo‘lishga arzirli voqealarni boshidan o‘tkazdi. Suhbatdoshimning hikoya qilishicha, bir gal uni Toshkentga, oyog‘ini protezlash uchun yuborishadi. Kasalxona yonida sport zali bo‘lib, unda yoshlar og‘ir atletika bo‘yicha mashg‘ulot o‘tardilar. Qo‘ltiqtayoqli yigit murabbiydan vaqtincha shug‘ullanib turish uchun ruxsat so‘raydi. Murabbiy kuladi, ammo, nogiron yigitga rahmi kelib, ruxsat beradi. Sun’iy oyoq tayyor bo‘lgunicha Ermuhammad tosh ko‘tarish bo‘yicha natijalarini yaxshilaydi. Bir gal 110 kilogramlik toshni ko‘targanida, murabbiy hayratda qoladi va o‘z sportchilarini noshudlikda ayblab, Ermuhammadni o‘rnak qilib ko‘rsatadi. Aslida, urushdan bir oyoqsiz qaytgan yigit hali ko‘p narsaga qodirligini eng avvalo, o‘ziga o‘zi isbotlamoqchi edi.

Hayot asta-sekin iziga tusha boshladi. Ermuhammad qo‘shni qishloqlik Mukarramxon bilan oila rishtalarini bog‘ladi. Afg‘on urushida yo‘qotilgan oyog‘i uchun unga yer uchastkasi va avtomashina berildi, barcha afg‘on jangchilari singari qator imtiyozlarga ega bo‘ldi.

Sinovlar, muhojirlik

Yaratgan suygan bandasiga sinov yuboradi, deydilar. Harqalay, bu yupanch – o‘sha sinovlarni yengib o‘tishingda senga kuch beradi, barcha narsa o‘tkinchi ekanligini o‘ylab, taskin topasan. Tojiboyevlar oilasi uchun ham yangi sinov davri boshlandi. Endi urushda emas, balki tinch hayotda.

Akasi vafot etdi, uch kundan so‘ng uyi yonib ketdi. Uni qayta tiklash uchun pul kerak edi. Afg‘on faxriylari hali ham ma’lum imtiyozlarga ega, ammo moddiy tomonlama emas. Nafaqa miqdori kam, bu bilan uy qurish, hatto ro‘zg‘or tebratish qiyin edi.  Buyoqda uch bola «yeyman-ichaman», deb turibdi. Rossiyada ishlaydigan jiyani tog‘asini Ryazanga, qurilishda ishlashga taklif qildi.

 – Men nogironligimdan qo‘rqmasdim, o‘zimga ishonardim. Shu vaqt ichida protezga shunchalik ko‘nikdimki, o‘zimni sog‘lom odam deb bilardim. Axir, bir oyog‘im yo‘q bo‘lsa nima qipti? Bu – hayot tugadi, degani emas-ku! Muhimi – tirikman! Shuning uchun tavakkal qildim, – deydi qahramonimiz.

Ermuhammad Ryazanda avvaliga arralash sexida, so‘ng qurilishda ishladi. O‘zbeklar uchun muqobil tanlov yo‘q, bo‘sh ish o‘rinlari unchalik xilma-xil emas. U boshqa gasterbayterlar singari eng og‘ir va eng kam haq to‘lanadigan ishda, ular bilan bab-baravar ishladi.

G‘ayriinsoniy yuklamalarga protez bardosh bera olmadi. Po‘lat moslama po‘lat xarakterga qaraganda zaifroq bo‘lib chiqdi va yorilib ketdi. Inson va metall o‘rtasida jiddiy kurash boshlandi. Yangi protez sotib olishga moliyaviy jihatdan imkoni yo‘qligini bilgan yigit eskisini payvandladi, biroq u qayta-qayta yorilib ketardi. O‘nlab marta singan va payvandlangan moslamaning bironta sog‘ joyi qolmadi. Afg‘onchi jangchi birodarlar yordamga kelmaganida bu kurash hali uzoq davom etardi, balki.

– Bilasizmi, Afg‘on jangchilarining begonasi yo‘q! Qaysi davlatga bormang, Afg‘onda xizmat qilganmi,  u kim bo‘lishidan qat’i-nazar, bir-biriga birodar. Xizmatdoshlarim uzoq vaqt shu yaroqsiz protezda yurganimdan hayron bo‘lishdi, «xavotirlanma Misha, jang payti biz bir-birimizni tashlab ketmaganmiz, hozir ham tashlab qo‘ymaymiz», deb menga yangi protez yasatib berishdi. Qulay, yengil moslamada men nafaqat yurardim, hatto, raqsga tushardim, yugurardim. Va harbiy kasalxonadagi keksa hamshiraning «Sinok, ti yeщyo begat budesh! », degan gaplarini eslab, kulardim.

Hozir Afg‘on jangchisining 3 ta protez moslamasi bor. Uchinchi moslamani unga Respublika «Veteran»jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi Kuba davlatida yasatdirib bergan.

– Bir oyog‘im o‘rniga uchta oyoqli bo‘ldim. Qo‘ltiqtayoqlarim bilan hisoblasam yanada ko‘payib, sakkizoyoq bo‘pketaman! – deydi tabiatan hazilkash Misha aka.

Bitmas jarohat

Ermuhammad Tojiboyev hamisha do‘stlariga tayandi, hozir ham sog‘lom turmush tarzini davom ettirmoqda. Har tong yangi kunni mashqlar bilan boshlaydi, uyining burchagida o‘zi payvandlagan 10 kilogrammli gantellar bor.

Muhojirlikdan kelib, uyda bekor o‘tirolmadi. Qo‘li gul usta Andijon shahridagi «LYUKS MEX TAY» temir buyumlari ishlab chiqarish korxonasiga payvandchi bo‘lib ishga kirdi. Hovlisini ta’mirdan chiqardi, farzandlarini uylab-joyladi, hozir 6 nabiraning bobosi.

U taqdir yuborgan barcha sinovlarni yengib o‘tdi, bu urushda g‘alaba qozondi va tanlagan yo‘lidan bir daqiqa ham og‘ishmadi. U hamma narsa uning o‘z qo‘lida ekanligiga ishondi: hayot ham, sog‘liq ham. Ammo...

Hamon uning tushlariga afg‘ondagi ayovsiz janglar, halok bo‘layotgan quroldoshlari kirib turadi, xuddi 40 yil avvalgiday dahshatli otishma ovozlari eshitilib, bezovta qiladi.

– Bu tushlar balki, umrimning oxirigacha davom etar, chunki, u kunlarni bir dam bo‘lsada, unutmaganman. Tan jarohati  bitishi aniq, ammo qalb jarohatlari hech qachon bitmas ekan, – deydi Ermuxammad Tojiboyev.

Xulosa

Afg‘on jangchisi haqidagi maqolani shu yerda tugatsam ham bo‘lardi. Biroq, suhbat asnosida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Afg‘on jangchilari duch kelayotgan muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratgim keldi.

Tugaganiga 35 yil bo‘layotganiga qaramay, mantiqsiz Afg‘on urushining asoratlari hamon davom etmoqda. Urush qatnashchilarining deyarli barchasida asab tizimi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Afg‘on jangchilari qonun bo‘yicha 2-jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilishi aytilgan. Nogironlar har yili, nogiron bo‘lmagan faxriy-jangchilar ikki yilda bir marta sihatgohlarda salomatliklarini tiklashlari kerak. Biroq, bu qonun-qoida hammagayam amal qilmayapti. Faxriy-jangchilar orasida omadi chopganlargagina bu yo‘llanma nasib etadi. O‘shanda ham o‘rtamiyona sihatgohlarga. Qahramonimizning o‘zi ham bir marta sharoitlari haminqadar bo‘lgan sihatgohda dam olib kelganiga xursand.

Achchiq bir fakt: Afg‘on urushiga faqat kambag‘al, kolxozchilarning farzandlari borgan. Rahbarlar, puldor-boyvachcha, kattakonlarning arzandalari bormagan urushga. O‘shandayam tanish-bilish, poraning kuchi hamma narsani hal qilgan ekan.

Qizig‘i, bundan bir necha yil oldin Toshkent shahrida VETERAN jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi tashkil topganining 25 yilligi hamda Afg‘oniston hududidan sovet jangchilari olib chiqilishining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh qo‘l oyog‘i butun faxriy jangchilar qimmatbaho brilliant va yoqut toshli ordenlar bilan mukofotlandilar. Ular orasida viloyatlar hokimlari ham borligini ko‘rib hayron bo‘lganman. Rossiya  baynalminal jangchilar bilan ishlash bo‘yicha komitet rahbari Kovalyov kelib shaxsan o‘zi topshirgan bu ordenlarni. Biroq, bir umr nogiron bo‘lib qolish evaziga beriladigan bir parcha temirni ko‘plab Afg‘on jangchilari hanuzgacha ololganlari yo‘q!

Endi eng qizig‘i: keyingi paytlarda Afg‘on jangchilarining turmush o‘rtoqlari, ya’ni ayollariga «Vafo va sadoqat timsoli» medali topshirilyapti. Bu ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, qolaversa jangchi-faxriylarning oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchunligini tushunamiz. Ammo, bu medal uchun ham jangchi-faxriylar o‘zlari yo homiy topadilar yoki medalning harajatini ko‘taradilar. Bir medal narxi 250 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha.

Oxirgi gap: Keyingi yillarda Afg‘on jangchilari orasida o‘lim ko‘rsatkichlari oshgan. Ahamiyatlisi,  ularning aksariyati yurak xurujidan vafot etmoqda. Ko‘plab o‘zbek o‘g‘lonlarining umriga zomin bo‘lgan Afg‘on urushining qonli qo‘llari hali uzoq yillar bo‘g‘zimizni qo‘yib yubormaydi, shekilli. 

Muazzam Ibrohimova, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring